Shu yilning 8−18 fevral kunlari «Gazeta.uz» muxbiri Sanjar Rustamov AQSH Davlat departamenti tomonidan moliyalashtirilgan «Media ko» dasturi doirasida Amerikada bo‘lib, AQSH ta’lim tizimi, ta’limdagi innovatsiyalar, tajribalar bilan yaqindan tanishib, mutasaddilar, Amerikada tahsil olayotgan va ilmiy izlanishlar olib borayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi.

Quyida Massachusets shtati oliy ta’lim komissari Karlos Santyago bilan suhbat e’tiboringizga havola etilmoqda. Suhbat AQSH ta’lim tizimi, xususiy va davlat universitetlarining farqli jihatlari, ta’lim tizimini boshqarishga bag‘ishlangan ilk intervyu aynan universitetlar faoliyatini muvofiqlashtirish, boshqarishga bag‘ishlanadi.

Umumiy ma’lumot

AQSHda ta’lim 3 qismga bo‘linadi: boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta’lim. Ular ham o‘z navbatida ikkiga bo‘linadi: davlat va xususiy ta’lim muassasalari. Massachusets shtati Oliy ta’lim departamenti aynan davlat ta’lim muassasalarini boshqarish, ta’lim tizimi uchun strategik rejalar tuzishda yordam beradi.

Shtatda jami 29 ta davlat ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib (maktablar bunga kirmaydi), ularning 15 tasi kommuniti kolleji, 9 tasi davlat universiteti va 5 tasi tadqiqot instituti hisoblanadi.

Massachusetsda AQSHdagi eng yirik va kuchli universitetlar joylashgan bo‘lib, Amerikaning ta’lim poytaxti hisoblanadi. Massachusets shtatining bog‘cha ta’limidan 12 yoshgacha bo‘lgan ta’limi nafaqat AQSH, balki butun dunyodagi eng yaxshi ta’lim tizimlaridan biri hisoblanadi. Nima uchun shunday, desak, geografik jihatdan Massachusets Amerika tarixida birinchi bo‘lib kashf etilgan shtatlardan biri hisoblanadi. Amerikaning mamlakat sifatida taraqqiy etishi shu shtatdan boshlangan. Shtatda har doim ilm-fanni juda qadrli deb bilishgan.

Xususiy universitetmi yoki davlat?

Massachusets shtati asosan xususiy ta’limi bilan butun dunyoga mashhur. Massachusets texnologiyalar instituti, Harvard universiteti — xususiy OTMlardir. Davlat ta’limini unchalik mashhur deb bo‘lmaydi. Biroq shtatda ham xususiy, ham davlat ta’lim muassasalari kuchli hisoblanadi. Massachusetsliklarning ko‘pchiligi esa davlat ta’lim muassasalariga borishni qulay deb hisoblashadi. Chunki ularda o‘qish nisbatan arzonga tushadi. Shu bois davlat oliy ta’lim muassasalarida 250 mingdan oshiq talabalar tahsil olmoqda.

Xususiy institutlarni esa ko‘proq global ta’lim muassasalari deb ataymiz. Chunki xususiy universitetlarga asosan xalqaro talabalar o‘qish uchun keladi.

To‘lov miqdori qancha?

Xususiy va davlat universitetlarida o‘qish uchun to‘lov miqdorida katta farq bor. 30 ming dollar evaziga davlat universitetida oliy ta’lim darajasini olsa bo‘ladi. Bu summa xususiy universitetlarda bir yillik o‘qish puli bo‘lishi ham mumkin. Ba’zilarida hatto bir yil uchun 50 ming dollar to‘lashadi. Xususiy universitetlar juda ham qimmat.

Shu boisdan hukumat hozirda maxsus dastur ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra kommuniti kollejlarida o‘qigan talabalar oliy ta’lim muassasalarida bepul o‘qishlari mumkin. Bu moliyaviy ko‘mak dasturi orqali amalga oshiriladi.

Universitetlar qanday boshqariladi?

Massachusets ta’lim tizimi markazlashmagan. Nyu-York, Viskonsin shtatlarida bir necha ta’lim muassasalari faoliyati bitta kengash tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bizning shtatda esa 29 ta kampus (ta’lim muassasasi) bo‘lsa, 25 ta kengash faoliyat ko‘rsatadi. Deyarli barcha universitetlar o‘z boshqaruv kengashiga ega. Har birining o‘z strategik maqsadlari mavjud.

Ta’limda innovatsion loyihalar

Shtatdagi o‘rta ta’lim tizimida ikki yil tahsil olgan talaba o‘z sohasidagi istalgan universitetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishini ko‘zda tutgan tizim joriy etilmoqda. STEM ta’limi — aniq fanlar, texnologiya, injenering va matematikani o‘qitishni yuqori maktab (High school) darajasida joriy etmoqdamiz. Kollejda tahsil olayotgan talabalar STEM bo‘yicha ta’lim olishni boshlamoqda. Shtat bu borada maxsus qonun ham qabul qilgan.


Karlos Santyago. Foto: Sanjar Rustamov.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2035 yilgacha Massachusetsda ta’lim oladigan talabalar soni kamayib boradi. Bunga shtatda tug‘ilish darajasining pastligi sabab bo‘ladi. Kelasi 10 yilda 600 ming nafar katta yoshli fuqarolar nafaqaga chiqadi. Bu ularning ish o‘rinlari bo‘shaydi degani. Ularning o‘rnini band qiladiganlar kerak. Ular oddiy kadrlar emas, balki oliy ta’limni olgan mutaxassislardir. Galdagi vazifa ularning o‘rniga munosib kadrlarni tanlashdan iborat bo‘lib qolmoqda. Shtatda shunday kommunitilar (jamoalar) borki, ta’lim bo‘yicha ularga e’tibor kamroq qaratilgan. Endilikda e’tibor kam qaratilgan qatlamlar vakillarini kollejlar va oliy ta’lim muassasalariga jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Umumiy va ixtisoslashgan ta’lim

Amerika ta’lim tizimida ikkita yo‘nalish mavjud. Birinchisi umumiy ta’lim. Umumiy ta’lim barcha sohalar, iqtisod, din, siyosat, tarix va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Ikkinchisi esa «meyjer» deb nomlanib, ma’lum bir ixtisoslik bo‘yicha ta’lim olishga qaratiladi. Barcha universitetlarda ham umumiy, ham meyjer ta’lim yo‘lga qo‘yilgan. Ba’zi universitetlar boshidan ixtisoslashadi.

Masalan, harbiy, harbiy dengizchilik universitetlari yoki Massachusets san’at va dizayn kolleji ixtisoslashgan ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ko‘pchiligi ham umumiy ta’lim berib, talaba qaysidir sohani tanlasa, o‘sha yo‘nalishda ta’lim bersa, ba’zilari faqat ixtisoslashgan yo‘nalishda ta’lim beradi.

Ta’limda korrupsiya

Kommuniti kollejlarimizga kim xohlasa bora oladi. Qayerga borishni talabaning o‘zi tanlaydi. Universitetlar davlat kollejidagi test baholariga qarab talabalarni o‘qishga qabul qilishi mumkin. Boshqa omillar bo‘yicha ham qabul qilishi mumkin. Masalan, universitet kampusdagi talabalarning turli xil joylardan kelishini xohlasa, bu ham bir omil bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, o‘qishga qabul jarayoni juda ochiq va shaffofdir. Biz talabalar o‘qishga kirishida biror korrupsion holatlarni ko‘rmaymiz.

Ishga joylashish

Massachusets shtatida ta’lim sohasi uchinchi yirik sanoat hisoblanadi. Shtat har doim aql, yoki miyalarga suyanadi. Iqtisod jiddiy sur’atlarda o‘sib bormoqda. Shuning uchun ham aqlli odamlar, biznes uchun zarur mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda. Misol uchun, bizning shtatda kompyuter sohasini tamomlayotgan talabani 17 ta ish joyi kutib turgan bo‘ladi.

Qayerga ishga kirishni esa asosan talabaning o‘zi hal qiladi. Davlat universitetlarining juda ko‘plari yirik kompaniya, ish beruvchilar bilan talabalarning amaliyot o‘tashlari bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Agar ularga amaliyot jarayonida ish joyi yoqsa, o‘sha joyda qolishlari mumkin. Lekin bu talabaning o‘ziga bog‘liq. Majbur emas. Bizning vazifamiz esa talabaga qayerda ish joylari bo‘lsa, o‘sha haqda axborot berishdan iborat. Masalan falon joyda buncha oylik beriladi, deb talabani xabardor qilishimiz mumkin. Biz talabalarga ish bo‘yicha berayotgan ma’lumotlarimiz boshqa ma’lumotlarga qaraganda eng muhimidir.

Xususiy yoki davlat universiteti bitiruvchisi ekaniga qaraladimi?

Universitetga kirguncha qaysi turdagi kollejda o‘qiganlikning ish beruvchi uchun ahamiyati bo‘lmasligi mumkin. Lekin oliy ta’limda buning ahamiyati bo‘lishi mumkin. Chunki xususiy ta’lim dargohlari ta’lim sifati bo‘yicha ancha ilgarilab ketgan. Lekin mening shaxsiy fikrim: qayerda oliy ta’lim olganingizning farqi yo‘q.