Qozog‘iston Investitsiyalar va rivojlanish vazirligi huzuridagi Transport qo‘mitasi IIV ma’muriy politsiyasi bilan birgalikda «Avtobus» tezkor-profilaktik tadbirlarini o‘tkazadi.

Qozog‘iston IRV matbuot xizmatining xabar qilishicha, qaror 18 yanvar kuni Oqto‘ba viloyatida 52 nafar O‘zbekiston fuqarosining o‘limi bilan tugagan avtobus yong‘ini munosabati bilan qabul qilindi.

22 yanvardan 18 fevralga qadar tumanlararo, shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchilar va qo‘l yuklarini tashish bilan shug‘ullanuvchi transportlar va haydovchilar tekshiriladi. Yo‘lovchi avtobuslari va taksilarda texnik nosozliklar aniqlansa, ular xavfsizlik talablariga javob bermasa, ulardan keyinchalik foydalanishni taqiqlashgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha ravishda jamoatchilik vakillari va transport nazorati inspeksiyasi xodimlaridan iborat mobil guruhlar avtotransportlarning ehtimoliy yashirin yo‘nalishlarini aniqlash bilan shug‘ullanishi rejalashtirilmoqda. Asosiy e’tibor avtotransportlarni texnik, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni majburiy asosda olib borish, shuningdek mehnat va dam olish tartiblariga rioya etilishini tekshirishga qaratiladi.

«Rubej» sanitar-karantin punktida Qozog‘iston avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar va qo‘l yuklarini tashish ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi.

Shu o‘ridan O‘zbekiston FVV Qozog‘istonning shimoliy, markaziy va sharqiy viloyatlari orqali safarga chiqishni rejalashtirgan aholidan mazkur hududlarda kuchli sovuq bo‘lishi kutilayotgani munosabati bilan yo‘lovchi avtobuslari va shaxsiy avtotransportda yo‘lga otlanishdan tiyilishni tavsiya qilmoqda.