O‘zbekistonda fuqarolarning konstitutsion huquqlarini kafolatlash maqsadida pasport tizimi qoidalarini soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Bu muhokama uchun e’lon qilingan 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan. Pasport tizimini soddalashtirish haqidagi normativ-huquqiy hujjatlar 20 martgacha ishlab chiqilishi lozim.

Hujjat bilan, jumladan pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlar bartaraf qilinadi.

Mavsumiy ishlarga jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimi soddalashtiriladi, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabi bekor qilinadi.

Fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz, propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik yengillashtirilishi belgilangan.

Loyihalarda vaqtincha yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish nazarda tutiladi.

Hujjatlar loyihalari 1 aprelga qadar tayyorlanishi lozim. Qayd etilishicha, bu kabi choralar fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.