«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 5 sentyabrdan O‘zbekistondan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z reyslariga aviachiptalarni milliy valyutada sotishni boshladi.

O‘zbekiston hududida aviachiptalarni sotish barcha toifadagi yo‘lovchilar — rezidentlar va norezidentlar uchun milliy valyutada amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2013 yil iyulidan Milliy aviakompaniya O‘zbekistondan Rossiya shaharlariga amalga oshiriluvchi reyslariga mamlakat fuqarolari uchun xorijiy valyutada sotishni yo‘lga qo‘ygan edi. Chet el fuqarolari uchun esa barcha yo‘nalishlarga faqatgina xorijiy valyutada sotilgan.

Batafsil ma’lumot olish uchun MAKning aviachiptalar sotish bo‘yicha rasmiy idoralari yoki 140−02−00 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

2 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti «Valyuta siyosatini erkinlashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonini imzoladi. Unga ko‘ra 5 sentyabrdan boshlab mahsulotlar, ishlar va xizmatlar uchun narx va tariflar faqatgina milliy valyutada belgilanadi.