16−17 avgust kunlari qator internet nashrlari Oliy sud binosiga 15 «g‘azablangan olomon"ning «shturm» uyushtirgani to‘g‘risida xabar tarqatdi. Ularning iddaolariga ko‘ra, ushbu hodisa Oliy sud raisi Kozimjon Komilov fuqarolarni shaxsiy qabul qilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Oliy sud matbuot xizmati 19 avgust kuni mazkur xabarlarni inkor etdi.

«Real holatni buzib ko‘rsatgan ayrim nashrlar mualliflari o‘quvchilarga „g‘azablangan fuqarolarning kuchli baqiriqlari“, „mustahkam bekitilgan darvozalarning buzib tashlangani“, 300−400 kishi» vahokazo xabarlarni tarqatdi. Afsuski, mazkur vebsaytlar internetda tarqatilgan axborotni tekshirib ko‘rmasdan xulosa chiqarishga shoshilishdi, aslida sodir bo‘lgan hodisani bo‘rttirib ko‘rsatishdi", — deyiladi Oliy sud xabarida.


«Yandeks.Yangiliklar» xizmatida yangiliklar sarlavhalari.

15 avgust kuni 9:30 dan 21:00 ga qadar rais Kozimjon Komilov 100 nafardan ziyod kishini fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha qabul qildi. Xuddi shu kuni 27 kishidan shikoyat va arizalar qabul qilingan bo‘lsa, 72 kishi turli masalalar bo‘yicha og‘zaki murojaat bilan qabul qilindi, deyiladi Oliy sud xabarida.

«Qabul vaqtida Oliy sud binosi qarshisida kutib o‘tirgan ayrim fuqarolar militsioner va sud xodimlari diqqatini chalg‘itgan holda qabulga navbatsiz kirish maqsadida o‘zboshimchalik bilan darvozani ochib, bino ichkarisiga kirmoqchi bo‘ldi. Ular bino foyesiga kirganlarida ularga qabul tartiblari to‘g‘risida tushuntirildi, ularning ayrimlari Oliy sud raisi o‘rinbosarlari va sudyalari tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, qolganlar rais qabulida bo‘lishdi. 16 avgust, ya’ni keyingi kuni 9:30 dan 17:30 ga qadar Oliy sud raisi tomonidan 60 nafardan ziyod kishi qabul qilindi», — deya xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati.

Rais va uning o‘rinbosarlari tomonidan har kuni fuqarolar qabul qilinmoqda, deyiladi matbuot xizmati xabarida.