28 iyun kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada «Iegova guvohlari» diniy tashkiloti delegatsiyasi — AQSHdagi boshqaruv Kengashi vakili Kennet Flodin va Yevropa birlashmasi vakili Loretso Trapaneze bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev olib bordi. Uchrashuvda, shuningdek, qo‘mita konsultanti B.Qodirov va Chirchiq shahridagi «Iegova guvohlari» diniy tashkiloti vakili N.Korolevlar ishtirok etdi.

O‘zaro tanishuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi diniy vaziyat va qo‘mita faoliyati bilan tanishtirildi. Jumladan, O‘zbekistonda diniy erkinliklarning milliy qonunchilik, xususan, Konstitutsiyaning tegishli moddalari va «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonuni bilan mustahkamlangani alohida tilga olindi.

Uchrashuv davomida Flodin tashkil etilgan uchrashuv va berilgan ma’lumotlar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, o‘z tashrifining asosiy sababi — tashkilot faoliyatiga oid masalalar muhokamasi ekanini aytib o‘tdi.

O‘tkazilgan suhbat nihoyasida delegatsiya a’zolari qabuldan mamnun ekanliklarini izhor etib, tomonlar kelgusida ham bu kabi muloqotni davom ettirish maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Uchrashuv o‘zaro hurmat ruhida bo‘lib o‘tdi.