YeI Kengashi rahbari Donald Tusk qayta saylandi

Donald Tusk Yevropa Kengashi raisligida qoldi. U ikki yarim yil davomida davlatlar va hukumatlar rahbarlari o‘rin olgan YeI oliy siyosiy organini boshqaradi. Bryusselda bo‘lib o‘tgan saylovda Tusk nomzodi uchun 27 rahbar ovoz berdi, bir kishi qarshi bo‘ldi. Polsha Sammitga sobiq bosh vazirini saylamaslikni tavsiya qilib, uni davlatning ichki siyosatiga aralashayotganlikda aybladi. // Euronews

Janubiy Koreya Konstitutsion sudi Prezident Pak Kin He impichmentini tasdiqladi

Janubiy Koreya Konstitutsion sudi Prezident Pak Kin He impichmentini tasdiqladi. Bu haqda KS a’zolari ovozlari yakuni bo‘yicha e’lon qilingan verdiktda so‘z boradi. Shunday qilib, 10 mart uning davlat rahbari lavozimidagi so‘nggi kuni bo‘ldi. Pak Kin He prezident dahlsizligidan mahrum qilinadi va Seul markazidagi “Moviy uy” davlat rezidensiyasini tark etishi lozim. Biroq nomzodlarning yo‘qligi sababli buni qachon amalga oshirishi noma’lum bo‘lib turibdi. Yangi prezident lavozimiga muddatidan oldin saylov, qonunga ko‘ra, kelgusi 60 kun ichida, aniqrog‘i — 9 may kuni bo‘lib o‘tadi. // TASS

Aleksandr Lukashenko “tekinxo‘rlar” to‘g‘risidagi dekretni bekor qildi

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko “tekinxo‘rlar to‘g‘risida” deb nomlanuvchi dekretni bekor qildi. Unga ko‘ra, ishlamaydiganlar yoki 183 kundan kam ishlagan mamlakat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 200 dollarga yaqinroq yoki eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida soliq to‘lashi lozim edi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi belarusliklar va ushbu toifadagi kishilarning noroziliklariga sabab bo‘lgan edi. // Euronews

Ehtiyojmand italiyalik oilalarga oyiga 480 yevro to‘lanadi

Italiya parlamenti Yuqori palatasi payshanba kuni mutlaq kambag‘allik holatidagi aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini tasdiqladi. Ehtiyojmand italian oilalariga har oyda 480 yevrodan mablag‘ to‘lab boriladi. Italiya hukumati YeIning 2 mlrdgacha resurslarini hisobga olgan holda 2 mln kishiga yordam berish ko‘zda tutilgan maqsad uchun joriy va kelgusi yilda 1,6 va 1,8 mlrd dollar ajratadi. “Mutlaq kambag‘allik” deganda eng zarur mahsulot va xizmatlar uchun ham mablag‘i yo‘q bo‘lgan kishilar nazarda tutilgan. Bunda ota-ona ham ishlayotgan, biroq jami daromad kambag‘allik chegarasidan o‘tishga imkon bermaydigan oilalarga ham ko‘mak beriladi. Bundan tashqari, pensiyaoldi yoshdagi ishsizlar, nogironlar yashovchi oilalar yoki homilador ayollar ham har oylik nafaqani olishlari mumkin. Yordam uchun murojaat qilishda esa bir qator talablar mavjud. Masalan, ish izlab rasman ariza topshirgan bo‘lishi, bolalar maktabga qatnashi lozim. //RIA Novosti

Xitoyda pandalar uchun bog‘ qurilayotgani munosabati bilan 172 ming kishi ko‘chiriladi

Xitoyning Sinchuan provinsiyasi hukumati pandalar uchun milliy bog‘ qurilishi munosabati bilan 172,2 ming kishini ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sinxua agentligi xabar qildi. bog‘ning maydoni 27,1 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. Reja doirasida yettita shahar va shahar okrugi hamda 19 ta uyezd aholisi ko‘chiriladi. Avvalroq itoy 2025 yilga qadar yovvoyi tabiatdagi pandalar populyatsiyasini taxminan 18 foizga — 2200 boshga qadar oshirishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi. Ayni paytda XXRda 1864 bosh panda tabiiy muhitda, yana 471 boshi ko‘paytirish bo‘yicha maxsus markazlarda yashamoqda. // RIA Novosti