Toshkent Davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari tomonidan chakana savdo va pulli xizmatlar ko‘rsatish ob’yektlari inventarizatsiyadan o‘tkazilgan to‘rt kun ichida 1700 ga yaqin terminallar yetishmasligi aniqlandi. Bu haqda poytaxt hokimiyatida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida DSB boshlig‘i Muzaffar Pardayev ma’lum qildi.

O‘n kunlik inventarizatsiya O‘zbekiston Prezidentining yaqinda qabul qilingan pul bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirish va plastik kartochkalardan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilmoqda.

“Bugun — inventarizatsiyaning to‘rtinchi kuni. O‘ylaymanki, tekshiruvlar so‘ngiga qadar eng kamida 5000−6000 terminal yetishmasligi aniqlanadi”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

Muzaffar Pardayev to‘lov shakliga qarab narxlarning ko‘tarilishi yoki tushishiga soliq boshqarmasi fuqarolarning murojaatlari asosida qarshi kurash olib borishini ma’lum qildi. Rejadan tashqari tekshiruvlarni o‘tkazishda nazorat xarid usulidan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Markaziy bankning Toshkent bo‘yicha Bosh boshqarmasi boshlig‘i Majid Tohirov aholini naqd pul bilan ta’minlash uchun yil so‘ngiga qadar 1000 dona bankomat o‘rnatilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hozirda tijorat banklari qurilmalarni xarid qilish haqida yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib bormoqda.