O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” Tadbirkor ayollar assotsiatsiyasi shanba kuni 25 yilligini nishonladi. 1991-yilda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ular manfaatlarini himoyalash maqsadida tashkil etilgan assotsiatsiya butun mamlakatda 14 mingdan ziyod a’zoga ega.

Chorak asr davomida “Tadbirkor ayol” ko‘magida amalga oshirilgan loyihalar doirasida 130 ming ishchi o‘rni tashkil etilgan. Biznes asoslari bo‘yicha kurslarda 14 mingdan ziyod xotin-qizlar tahsil oldi. Bundan tashqari, vaqtincha ish bilan ta’minlanmagan 90000 ayol talabgir mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitildi.

Assotsiatsiya a’zolari imtiyozli kreditlar olish, ko‘rgazmalarda, jumladan, xorijda o‘tadigan yarmarkalarda foydali sharoitlarda qatnashish imkoniyatiga ega. Assotsiatsiya yordamida ayollar biznesning qariyb barcha yo‘nalishlarida: xizmat ko‘rsatish, tekstil ishlab chiqarish, turizm va boshqalarda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar 120 mingdan ortiq kichik biznes korxonalariga rahbarlik qilmoqda. 4550 nafar ayol fermer xo‘jaliklarini boshqarmoqda.

“Bizning ishimiz ayollarga kasb egallash, ishga joylashish, shaxsiy biznesini tashkil etish va rivojlantirishda ko‘maklashishdan iborat, — dedi Xorazm viloyat “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi raisi Dildora Atayeva “Gazete.uz"ga. — O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘prog‘i — ayollar. Ularning biznesdagi faolligi mamlakat rivojiga ta’sir ko‘rsatadi”.