Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda 2024-yilning dastlabki 4 oyida mamlakatga 115 ming nafar migrant qaytib kelganini qayd etdi.

Prezident bandlik va aholi daromadi masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, bu borada oqsoqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi. Keyin esa tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi bo‘yicha gapirdi.

2024-yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaro qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250−300 ming nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytishi prognoz qilinmoqda. Shavkat Mirziyoyev ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga ko‘maklashish muhimligini ta’kidladi.

Prezident mutasaddilarga migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda mehnat qilayotgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonliklarga ko‘maklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

2023-yil iyulida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev yildan-yilga o‘zbekistonlik migrantlarning mamlakatdan ketishi emas, qaytishi soni ortib borayotganini aytgandi. U migrantlar soni 2 mln nafarni tashkil etayotganini qayd etgan.

2019−2021-yillarda o‘zbekistonlik migrantlar uchun asosiy yo‘nalish bo‘lgan Rossiyadan yuborilgan pul o‘tkazmalari O‘zbekistonga jami pul o‘tkazmalari hajmining atigi yarmini tashkil qilgan. 2022-yil oxirida Rossiyaning pul o‘tkazmalaridagi ulushi qariyb 87 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ko‘rsatkich 78 foizgacha kamaygan. 2024-yilda Rossiya ulushi sezilarli darajada — 68 foizga pasaydi.

2023-yil oxirida Jahon banki Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmining bosqichma-bosqich qisqarishini qayd etgandi. Bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni qisqargani, so‘m kursining rublga nisbatan mustahkamlangani va rubl inflyatsiyasi bilan izohlangan.

Markaziy bank avvalroq mehnat migratsiyasida geografik diversifikatsiya kuzatilayotgani, Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi kamaygani haqida ma’lum qilgandi.