24-aprel kuni yuz minglab odamlar Argentina poytaxti Buenos-Ayres ko‘chalariga chiqib, davlat universitetlariga ko‘proq mablag‘ ajratishni talab qildi, deb xabar bermoqda BBC.

Argentina prezidenti Xaver Miley davlat universitetlari uchun xarajatlarni kamaytirish tashabbusi bilan chiqqandi. Ushbu chorani oqlash uchun u universitetlarni “sotsialistik ideologiyalar targ‘iboti markazlari” deb atadi. budjet taqchilligini nolga tenglashtirish maqsadida Miley vazirliklarni yopmoqda, madaniyat markazlarini moliyalashtirishni to‘xtatmoqda, davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatib, subsidiyalarni qisqartirmoqda.

Pagina 12 gazetasi tashkilotchilarning hisob-kitoblariga tayanib, Buenos-Ayresdagi norozilik aksiyalarida 800 ming namoyishchi to‘planganini va Argentina bo‘ylab jami 1 milliondan ortiq kishi namoyishga chiqqanini yozdi.

BBC`ning ta’kidlashicha, namoyish ko‘lami, ehtimol, Mayli o‘tgan dekabr oyida hokimiyat tepasiga kelganidan beri Buenos-Ayresni larzaga keltirgan boshqa ommaviy noroziliklardan ham oshib ketdi.

Talabalar va o‘qituvchilar mamlakatdagi ta’sirga ega kasaba uyushmalari va so‘l siyosiy partiyalar bilan norozilik namoyishini tashkil etishni muvofiqlashtirdi. Namoyishchilar qo‘llarida darsliklar, diplomlar olib, davlat madhiyasini kuyladi. Marshga hatto konservativ siyosatchilar, xususiy universitet ma’murlari va o‘ng qanot teleboshlovchilar ham qo‘shildi, deya aniqlik kiritadi AP.

“Biz hukumatga ular bizning ta’lim olish huquqimizni tortib ololmasligini ko‘rsatishga harakat qilmoqdamiz, — dedi agentlikka 32 yoshli talaba Santyago Ciraolo. Bu yerda hamma narsa xavf ostida”.

Hukumat Argentinaning eng yirik universiteti bo‘lgan Buenos-Ayres universitetiga 2023-yil iyul oyidan beri jami budjetning atigi 8,9 foizini ajratdi, deya qayd etdi AP. Universitetning ta’kidlashicha, bu miqdor o‘quv shifoxonalarini elektr energiyasi va asosiy xizmatlar bilan ta’minlashga bazo‘r yetadi.

O‘tgan hafta universitet rasmiylari qutqaruv rejasi bo‘lmasa, muassasa yaqin oylarda yopilishi haqida ogohlantirdi. Natijada 380 ming talaba qiyin ahvolga tushib qoladi. Bu bepul va yuqori sifatli universitet ta’limini eng asosiy huquqlardan biri deb biladigan argentinaliklar uchun shok, deb ta’kidlaydi AP.

Fevral oyida Argentinada Mileyning radikal islohotlariga qarshi ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tgandi. Tanqidchilar bu mamlakat demokratiyasiga putur yetkazishini aytgan, prezident esa iqtisodiy inqirozdan chiqish uchun “shok terapiyasi” zarurligini ta’kidlagandi.