UzAuto Motors 23-aprel kuni soat 10:00 da belgilangan muddatda to‘lov qilinmagan shartnomalar hajmi hisobidan kontraktatsiyani qayta ochadi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

“Eslatib o‘tamiz, avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov belgilangan muddatga qadar amalga oshirilmasa, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, muntazam kontraktatsiyaga qayta qo‘yib boriladi. Xaridorlarga Damas modeli uchun avvalgi kontraktatsiyadan chiqarilgan hajmlar yana qayta taqdim etiladi. 23-aprel kuni soat 10:00 da mazkur hajm uchun onlayn kontraktatsiya ochiladi”, — deya qayd etgan kompaniya.

Shuningdek, avtomobillar narxi o‘zgarishsiz qolishi ta’kidlangan.

Damas avtomobillari uchun shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin. Kompaniyaning Telegram boti hamda UzAvtosavdo ilovasi navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2023-yilning dekabr oxirida 2024-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun shartnomalarni tuzib bo‘linganini bildirgandi. Ommabop avtomobillar kontraktatsiyasi davrida jami 171,2 mingdan ortiq shartnoma berilgan.

Avvalroq kompaniya mazkur avtomobillari narxini 3,5−6,7 foiz oralig‘ida oshirish bo‘yicha xabar e’lon qilgandi. Kompaniya, shuningdek, bosqichma-bosqich dilerlarga keyinchalik sotish uchun avtomobil sotib olish imkonini beradigan “rivojlangan mamlakatlarda qabul qilingan sotuv tizimi”ni joriy qilishini qayd etdi.

Lekin biroz o‘tib, narxlarni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagani ta’kidlandi. “Kontraktatsiya jarayoni olib borilmayotganini inobatga olib, chevrolet.uz saytidagi narxlar 2024-yilning 4-choragi uchun prognoz ko‘rsatkichlari asosida hisoblab chiqilgan”, — deyiladi xabarda.