Toshkent shahri Beruniy-1 massivida joylashgan mozaikali binodan reklama bannerlari demontaj qilindi, deb xabar beradi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Fondning ta’kidlashicha, mozaika va pannolardan reklama bannerlarini olib tashlash bo‘yicha ishlar shahar hokimligi va Payme to‘lov tizimi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi so‘nggida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toshkent shahri va viloyatlardagi 160 ga yaqin mozaik panno monumental san’at yodgorliklari sifatida Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan edi. Shu qaror bilan mozaikali binolarga reklama bannerlarini o‘rnatish taqiqlangan.

5-aprel kuni ham Toshkentning Mirobod ko‘chasida joylashgan mozaikali binodan reklama banneri olib tashlangandi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi jamoatchilikni binolardagi himoya va asrab-avaylashga muhtoj mozaika va pannolar haqida xabar berishga chaqirmoqda.

Muhofazaga muhtoj mozaika va pannolarning surati va joylashuvini mosaic@acdf.uz elektron manziliga yuborish mumkin. Bundan tashqari, hali milliy ro‘yxatga kiritilmagan mozaikalar haqida ham ma’lumot yuborish so‘ralgan.