Toshkent shahrida may-avgust oylarida “Toshkent bitiruvchi va talaba-yoshlari” loyihasi o‘tkaziladi. Bu haqda 26-aprel kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, OAV vakillari, bitiruvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, loyihaga 1-may sanasida start beriladi va avgust oyiga qadar davom etadi. Loyiha doirasida 60 dan ziyod tadbir o‘tkazilishi belgilangan. Xususan, bandlikka ko‘maklashish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni IT va zamonaviy biznes sohalarga yo‘naltirish, ilm-fan va til o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratish, zamonaviy kasblar va yoshlarning qiziqishlarini inobatga oluvchi madaniyat hamda san’at bilan bog‘liq tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Loyihaga 1 million nafar yoshlarni qamrab olish ko‘zda tutilgan.

“Joriy yil Toshkent shahrida joylashgan umumta’lim maktablarini 32 ming nafardan ortiq o‘quvchilar bitiradi. O‘tkazilgan dastlabki so‘rovlar natijasiga ko‘ra, bitiruvchilarning 19,5 mingga yaqini oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish istagini bildirdi. Loyihaning asosiy vazifalaridan biri bitiruvchilar bandligini ta’minlash hisoblanadi. Tadbir davomida bitiruvchilarga bugungi kunda poytaxtda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari haqida to‘liq ma’lumot beriladi. Hozirda tuman hokimlari, sektor rahbarlari tomonidan bitiruvchilar bilan uchrashuvlar boshlab yuborilgan”, — deyiladi shahar hokimligi axborotida.

yoshlar bandligi, тошкент hokimligi

Foto: Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati

Qayd etilishicha, hozirgi kunda poytaxtdagi davlat va xususiy banklar, iqtisodiy kompleks tarkibidagi korxona va tashkilotlardan 2 213 nafar mas’ul Toshkentdagi 585 ta mahallaga biriktirilgan.

“Ular tomonidan 2024-yil 1-sentabrga qadar shaharda 100 mingta yangi ish o‘rnini yaratish rejasi banklarning kredit portfeli qoldig‘i, mijozlar soni va ularning pul aylanmasi tahlilidan kelib chiqib, Toshkent shahri filiallari kesimida tasdiqlandi. Jumladan, Milliybank — 38 mingta, O‘zsanoatqurilishbank — 20 mingta, Asakabank — 10 mingta, Xalq banki — 7 mingta, Agrobank, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Turonbank va Aloqabank — 5 mingtadan yangi ish o‘rinlari yaratadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bitiruvchi yoshlarning 2 ming 415 nafari ushbu yaratilayotgan ish o‘rinlariga ishga joylashtiriladi”, — deyiladi axborotda.

Ma’lum qilinishicha, loyiha mobaynida “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida ajratiladigan kredit summasi 5 mln so‘mdan 17 mln so‘mgacha oshirilib, banklar o‘zlariga biriktirilgan mahallalarga 18 foizdan (amalda 24 foiz) hamda norasmiy daromadga ega bo‘lgan yoshlarga kredit ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishda 1 ming 600 dan ortiq bitiruvchi yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

Shuningdek, shahar hokimining fevral oyida qabul qilingan “Toshkent shahrida 2024-yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi”ga asosan, joriy yilda poytaxtda 19 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Mazkur ish o‘rinlariga 5 ming 401 nafar bitiruvchilar bandligini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Poytaxt hokimligiga ko‘ra, 2024-yilda xizmat ko‘rsatish sohasida 100 mingga yaqin ish o‘rinlari tashkil etilib, 2 ming 816 nafar bitiruvchi bandligi ta’minlanadi. 2156 nafar bitiruvchi Toshkentda joylashgan chet tillari va IT sohasidagi o‘quv markazlarda o‘qitilib, sertifikatlar bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, talabalarning ta’til vaqtida daromad topishlari uchun “qurilish otryadlari” tashkil etilib, shahardagi yirik qurilish tashkilotlariga yo‘naltiriladi.

“Loyihalar doirasida madaniy va intellektual tanlovlar, sport musobaqalari, mediatreninglar, poytaxtning mashhur shaxslari, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlar, faol, zamonaviy, o‘z maqsadiga ega qizlar va ayollar uchun maxsus ayollar netvorkingi haftaligini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Intellektual tanlovlar orasidan g‘oliblarning ilmiy ishlanmalari saralab olinib, ularni hayotga tatbiq etish maqsadida dasturlar ishlab chiqiladi”, — deyiladi hokimlik axborotida.

Ta’kidlanishicha, “Toshkent bitiruvchi va talaba-yoshlari” loyihasi yakunida “Yil talabasi” aniqlanadi, poytaxt Talaba-yoshlar uyushmasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, iqtidorli talabalar uchun “Toshkent shahri hokimi stipendiyasi” joriy etiladi va 2024-yilning sentabr oyidan stipendiya berish boshlanadi.

Loyihaning yakuniy bosqichida “Toshkent bitiruvchi va talaba-yoshlari” nomli yirik festival hamda gala-konsert o‘tkaziladi.