17-aprel kuni O‘zbekiston va Eronning tegishli vazirlik hamda tashkilotlarining mutasaddi vakillari o‘rtasida videokonferensiya tashkil etildi, deya xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

Uchrashuvda O‘zbekiston transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, tog‘-kon sanoati vazirining birinchi o‘rinbosari Azam Kadirxodjayev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i Azizbek Salohiddinov, Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Anvar Davletov, shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Muloqot davomida ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 160 mln dollarga teng bo‘lgan 29 ta qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida Xorazm viloyatida Eron kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish va 23 ta investitsiyaviy loyihaga hamkorlar topish istiqbollari xususida fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida Eron elchisi Muhammad Ali Iskandariyning Xorazm viloyatiga tashrifini uyushtirish va viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati hamda taklif etilayotgan investitsiyaviy loyihalar taqdimotini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.