Toshkent shahridan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga (Chorvoqqa) mavsumiy avtobus qatnovi yana boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bundan Toshkent viloyatiga keluvchi xorijiy va mahalliy sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsad qilingan. Avtobuslar “Mashinasozlar” metro bekatidan soat 8:00 va 18:00 da jo‘naydi. Chorvoqdan (Xumsondan) esa 6:00 va 16:00 da harakatlanadi.

Qatnovlar Uzautotrans service korxonasining YUTONG avtobuslarida amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda yo‘lkira narxi 20 000 so‘m. Qatnov masofasi 75 km.

Eslatib o‘tamiz, avtobuslarning grafik asosida Chorvoqqa qatnovi 2023-yilning yozida boshlandi, oradan ko‘p o‘tmay qatnovlar soni yana oshirildi. O‘tgan yili yo‘lkira narxi 15 ming so‘m edi.

Ma’lumot uchun, 2023-yil 10-apreldan Qamchiq va Jizzax dovonlari, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus hamda mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etilgan.