Qozog‘istonda sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayev 2022-yilning yanvaridagi namoyishlar bo‘yicha jinoiy ish doirasida qo‘lga olindi, deb xabar berdi mamlakat Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Ichki ishlar vazirligining sobiq rahbari 29-aprel kuni qo‘lga olingan, deya xabar berdi idora. U natijasi og‘ir oqibatlarga olib keladigan holda hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda (Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 362-moddasi 4-qismi). Ushbu moddaning eng yuqori jazosi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Bosh prokuratura ishning boshqa tafsilotlarini oshkor qilmadi va unda “davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlar bor”ligini ta’kidladi.

Mart oyida Turgumbayev huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan “yanvar voqealari paytida huquq-tartibot va xavfsizlikni ta’minlamaganlik, shuningdek, fuqarolarga nisbatan qiynoqlar qo‘llash” bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tergov doirasida so‘roq qilingandi.

Turgumbayev 2019-yilda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi rahbari lavozimini egallagan. 2022-yilning fevralida prezident Qosim-Jomart Toqayev uni ishdan bo‘shatib, o‘zining maslahatchisi etib tayinlagandi. 2023-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi maslahatchisi bo‘lgan.

  • 2022-yil 2-yanvar kuni G‘arbiy Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, keyinchalik bu norozilik boshqa shaharlarga, jumladan, Olmaota va Ostonaga ham tarqaldi. Namoyishchilarning talablari ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiyga o‘zgardi. Ular, jumladan, sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan ketishini talab qilishdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Keyinchalik bu voqealar qozoqchada “qonli yanvar” degan ma’noni anglatuvchi “Qandy Qantar” nomi bilan ommalashdi.
  • Mamlakatdagi norozilik namoyishlari ortidan yuqori martabali xavfsizlik xodimlari, jumladan, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari va sobiq bosh vazir Karim Masimov hamda sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanov iste’foga chiqqan va hibsga olingan. 2023-yil mart oyida harbiy sud Bektanovni yanvar voqealari vaqtida mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblab, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. O‘sha yilning aprel oyida Masimov ustidan sud nihoyasiga yetdi — u davlatga xiyonat va hokimiyatni kuch bilan tortib olishda aybdor deb topildi, u 18 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.
  • O‘tgan yilning sentabrida yanvar oyidagi namoyishlar yuzasidan Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abishga nisbatan ham ish ochilgandi. Mart oyida u shartli jazoni oldi, sud uning bolalari borligini va pushaymonligini yengillashtiruvchi holatlar sifatida tan oldi.