O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorlari belgilandi. Bu qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirovning 15-apreldagi buyrug‘ida keltirib o‘tilgan.

Eng kam majburiy badallarni joriy etish prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 23-avgustdagi (PQ-278) qarorida ko‘zda tutilgan.

To‘lovlar binodagi qavatlar soniga bog‘liq. Masalan, Toshkent shahrida kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan ikki qavatli uylar uchun tarif 1 kv metr uchun 1147−1149 so‘m, 3 qavatli binolar uchun 1303−1305 so‘m, 4 qavatli binolar uchun 1514−1518 so‘m, liftsiz 5 qavatli binolar uchun 1512−1514 so‘m, liftli 6 qavatli binolar uchun 1110 so‘m, 7 qavatli binolar uchun 1703−1709 so‘m, 8 qavatli uchun 1701−1707 so‘m, 9 qavatli uchun 1700−1706 so‘m, 10 qavatdan boshlangan binolar uchun esa 1828−1830 so‘mni tashkil etadi.

Samarqand viloyatida eng kam majburiy to‘lovlar 1018 so‘mdan 1712 so‘mgacha, Toshkent viloyatida 996 so‘mdan 1707 so‘mgacha o‘zgarib turadi. Boshqa hududlar uchun summalar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘ida (PDF) ko‘rsatilgan.

Toshkent shahri uchun uy-joyni saqlashning minimal to‘lovlari

ko‘p kvartirali uylar, majburiy to‘lovlar

Avvalroq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Mening uyim” billing tizimida hisob-kitoblarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan chalkashliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2024-yil 1-maydan boshlab eng kam tarifni qo‘llash tavsiya etilishini tushuntirgan edi.

Mazkur buyruq ijrosi doirasida vazirlik tomonidan 2025-yilgacha qo‘shimcha tahlillar o‘tkaziladi va zarurat tug‘ilganda kelgusi yilda yangi minimal tarif belgilanadi.

Vazirlik tomonidan tasdiqlangan tarifni belgilashda boshqaruv organiga ko‘rsatilishi shart bo‘lgan minimal ishlar va xizmatlar ro‘yxati 3501-son buyrug‘ida belgilangan. Ular orasida ko‘p qavatli uylardagi ijtimoiy obyektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, lift uskunalarini texnik nazorat qilish (ixtisoslashgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan hollarda), fasad va kirish yo‘laklarini talab darajasida saqlash va ta’mirlash (uyga kirish yo‘lagi eshik va devorlarini ta’mirlash, suvash, bo‘yash), yerto‘lada o‘rnatilgan ichimlik suvi nasoslarini texnik soz holda bo‘lishini ta’minlash (qurilishda suv nasoslarini o‘rnatish loyihalashtirilmagan ko‘p kvartirali uylar bundan mustasno), uylarning tom qismi gidroizolyatsiya qatlamini tiklash va yamash, yerto‘ladagi kommunikatsiya tarmoqlari, shaxtalardagi kommunikatsiya tarmoqlari, elektr energiyasi tarmoqlarini soz holda saqlash va joriy ta’mirlash (bo‘yash, oqlash, yamash, umumiy foydalanishdagi elektr kabellarini almashtirish, tik va yotiq quvurlarni, ichimlik suvi quvurlarini ta’mirlash va boshqalar), novlarni soz holatda saqlash va ularni doimiy tozalash va h.k. (jami 16 ta) kabilar kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda ham O‘zbekistonda minimal uy-joyni saqlash to‘lovlari joriy qilingan va keyin bekor qilingan edi.