Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisi o‘z yurituvida bo‘lgan ish bo‘yicha pora olgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Yozilishicha, Mirishkor tumanida yashovchi fuqaro (1983-yilda tug‘ilgan) 2021-yilning mart oyida Qarshi tumanida yashovchi qarindoshining MCHJsida naslli chorvani rivojlantirmoqchiligini aytib, bankdan 450 million so‘m imtiyozli kredit olgan.

Lekin imtiyozli kredit maqsadli yo‘naltirilmagani sababli Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish doirasida joriy yil 26-mart kuni kredit olgan shaxs qamoqqa olingan. Shu bilan birga, tergovchi MCHJ rahbariga ham qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 5 ming dollar talab qilgan.

DXX tezkor tadbirida u so‘ralgan pulni xizmat xonasida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Unga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Ta'magirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.