O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlari Qirg‘izistondagi Norin daryosida Qambarota GES-1 (GES-1) qurilishi bo‘yicha kelishuv imzolaydi. Bu Qozog‘iston Energetika vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan hukumatlararo kelishuv loyihasida nazarda tutilgan.

Kelishuvda GES qurilishi loyihasini amalga oshirish va undan keyingi foydalanish doirasida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik shartlarini belgilash rejalashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tayinlangan kompetent organlar Qambarota GES-1`da ishlab chiqarilgan elektr energiyasining butun hajmini sotib olishi kafolatlanadi.

Tomonlar o‘zaro kelishuv asosida qarorlar qabul qiladi va kelishilgan suv tashlash hajmlarini ta’minlashni hisobga olgan holda elektr stansiyasining ish rejimini boshqaradi.

Loyihani amalga oshirish uchun Qirg‘izistonda hududida aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi. Unda Qirg‘iziston ulushi 34 foiz, Qozog‘istonniki 33 foiz va O‘zbekistonniki 33 foiz bo‘ladi. Har bir tomon kompaniya ta’sischisini mustaqil ravishda belgilaydi. Tomonlarning ulushlari o‘zgarishsiz qoladi, ularni birlashtirish, boshqaga o‘tkazish va sotish taqiqlanadi.

Loyihani moliyalashtirishning asosiy manbalari kompaniya ta’sischilarining o‘z mablag‘lari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va banklardan jalb qilingan qarz va grant mablag‘lari bo‘ladi.

Loyihani amalga oshirish muddati texnik-iqtisodiy asoslarni tasdiqlash natijalari asosida belgilanadi.

Loyiha amalga oshirilgach, Qambarota GES-1 aksiyalari va aktivlari to‘liq Qirg‘iziston mulkiga aylanadi. Bitim Bishkekda imzolanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov va Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev 2023-yil yanvar oyida Bishkek shahrida Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagandi.

Kelajakdagi GESning quvvati 1860 MVtni tashkil qiladi. GESning suv ombori hajmi 5,4 mlrd kub metr, to‘g‘on balandligi 256 metrni tashkil qiladi. Stansiya yiliga o‘rtacha 5,6 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. GES qurilishi 10 yil davom etishi kutilmoqda, shu jumladan, birinchi gidroagregat to‘rt yildan so‘ng foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

2021-yil mart oyida Qirg‘iziston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida “Qambarota GES-1 qurilishi” investitsiya loyihasini hamkorlikda tayyorlash to‘g‘risidagi bitim va o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish to‘g‘risida protokol imzolangandi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2022-yil iyun oyida Qambarota GES-1 qurilishiga start bergan. Loyihaning dastlabki ishlari uchun 20 mln dollarga yaqin mablag‘ ajratilgan. Loyihaning Kanadaning SNC-Lavalin International Inc. konsorsiumi va va Rossiyaning “Janubiy energetika muhandislik markazi” tomonidan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asosiga ko‘ra, GES qurilishi uchun 2014-yil narxlarida 2,9 mlrd dollar talab etilgan. Shuningdek, 13-aprel kuni Qirg‘iziston rahbari loyiha xarajatlari 5−6 mlrd dollarni, o‘zini oqlash muddati esa 13−15 yilni tashkil etishini ta’kidladi.