13-aprel kuni Xalq deputatlari Qiziriq tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Anvar Oripov Xomitovich tumanga hokim etib tayinlandi, deb xabar bermoqda Surxondaryo viloyati hokimligi.

Anvar Oripov 1985-yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. 2007-yilda O‘zbekiston milliy universitetini tamomlagan, shuningdek, 2007−2010-yillarda Buyuk Britaniyaning London shahri Pimliko akademiyasi ingliz tili kurslari tinglovchisi bo‘lgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — iqtisodchi.

Mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zagroeksport” AJ, Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda, shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan. Mazkur tayinlovga qadar viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Qiziriq tumanining sobiq hokimi Sherzod Rajabov esa uning o‘rniga Surxondaryo viloyati hokimining moliya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.