Samarqand viloyatida resurslardan noqonuniy ravishda foydalangan tadbirkorlar aniqlandi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Xususan, departamentning Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan IIB, “O‘zenergoinspeksiya” va GTF xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Nayman” MFY hududidagi xonadonda yashovchi G‘.X. o‘ziga qarashli issiqxonaga hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida 20 dona qo‘lbola usulda yasalgan isitish uskunalarini o‘zboshimchalik bilan o‘rnatib, jami 688,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Shu kabi, “Qozoq-Nayman” mahallasi hududidagi xonadonda yashovchi X.Sh. o‘ziga tegishli issiqxonada qo‘lbola usulda yasalgan isitish uskunalarini o‘rnatib, 329,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Departamentning Bo‘ston tuman bo‘limi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda “T-I.” MCHJ mas’ul shaxslari tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, MCHJga qarashli binoda nazorat muhri bo‘lmagan elektr hisoblagichni o‘rnatib, jami 105,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.