Toshkent shahri havosi sifati tobora yomonlashmoqda, bu muammo so‘nggi vaqtlarda OAV va jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi. Iqlimshunoslar havo ifloslanishi O‘zbekistonda millionlab odamlar uchun xavf tug‘dirayotgani va bu tahdid o‘sib borayotgani, muammo ko‘lami yaqin kelajakda dahshatli darajaga yetishi mumkinligini ta’kidlamoqda. “Gazeta.uz” mazkur muammo bo‘yicha odamlar qanday fikrda ekani bilan qiziqdi.

Poytaxt ko‘chalarida o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘nlab odamlardan havodagi o‘zgarishlar ularga sezilayotgani yoki yo‘qligi, bu bo‘yicha qanday fikrdaligi va nima qilinsa, holat yaxshilanishi mumkinligi yuzasidan savollarga javob olindi. Ularning aksariyati havo ifloslanishining sabablari sifatida poytaxtda mashinalarning ko‘pligi, qurilish jarayoni, daraxtlar kesilayotgani, aholining ekologik madaniyati pastligi kabi qator omillarni sanab o‘tdi.

Qashqadaryodan poytaxtga mehmon bo‘lib kelgan o‘qituvchi ayolning aytishicha, shahar havosining iflosligi unga ancha seziladi. “Kuni kecha Qashqadaryodan kelib, Toshkentga kirishimiz bilan hammayoq tumanga o‘xshab turibdi. Zavodlarning ko‘pligi yoki mashinalar soni ortib borayotgani uchunmi, havoning iflosligi ancha sezildi. Muammoga yechim sifatidagi taklifim shuki, avvalo, odamlarda ekologik madaniyat baland bo‘lishi kerak. Bu esa oilada ota-ona orqali shakllanib boradi”, — deydi u.

“Samarqand va Toshkent havosining farqi juda katta. “Ippodrom”dan kirib kelishingiz bilan og‘ir havo boshlanadi. Havosi odamga juda yoqimsiz”, — dedi yana bir respondent.

Poytaxtda istiqomat qiluvchi nuroniylardan birining so‘zlariga ko‘ra, hududda kislorod kamayib bormoqda.

“Hozir yosh bolalar orasida ham, kattalarda ham yo‘tal holatini ko‘p ko‘ryapman. O‘zim, umr yo‘ldoshim, nabiralarim ham yo‘talyapmiz. Kislorod kamligidan tez-tez charchaydigan bo‘lib qoldik. Bu havo tarkibida zararli moddalarning ortib borayotgani hisobiga, deb o‘ylayman. Qurilishlarning ko‘payib borayotgani, Toshkent ko‘chalarida yuk mashinalarining bemalol yurayotgani, zavod va korxonalardagi havoni tozalash tizimlarining yaxshi ishlamasligi sababli havo ifloslanmoqda. Agar ishlab chiqarilayotgan qonunlar ishlasa, nazorat qilinsa va hech kim qonunlarni buzmasa, havo ifloslanmaydi, xalqimiz toza havodan nafas oladi”, — dedi u.

“Avtomobillardan chiqayotgan iflos gazlar sababli toza havo tugab boryapti. Menimcha, Toshkentda aholi ko‘pligi bois shaxsiy transport ham ommalashib bormoqda. Viloyatlarni ham poytaxtdagidek rivojlantirsak, Toshkentga kelish kamayib, odamlar o‘z viloyatida ham yaxshi natijalarga erishardi. Shunda Toshkentda ham aholi soni me’yorlashadi, lekin kamayib ketadi, deyolmayman”, — dedi talaba qiz.

Shu bilan bir paytda, poytaxtdagi havo sifati buzilishi sezilmayotganini qayd etganlar ham bo‘ldi. So‘rovnoma jarayonida ba’zi odamlar bu mavzuda fikr bildirishni xohlamasligini aytib, tasvirga tushirmaslikni so‘radi.

Aksariyat ishtirokchilarning o‘ylashicha, Toshkentda qurilishlar va shaxsiy mashinalar sonini kamaytirish, daraxtlarni ko‘paytirish, shuningdek, jamoat transporti tizimini yaxshilash bu muammoga yechim bo‘lishi mumkin.

Rasmiylarning bu bo‘yicha bergan bayonot va tavsiyalari, shunindek, mavzu muhokamasi bilan pastdagi o‘xshash xabarlar bo‘limida tanishish mumkin.