Prezidentning giyohvandlik va narkojinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan farmoniga ko‘ra, Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi Prezident administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi etib qayta tashkil etildi.

Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari

  • respublikada giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq vaziyatni hududlar kesimida ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jihatidan tizimli ravishda chuqur o‘rganib borish, asosiy omillar hamda tendensiyalarni aniqlash va prognoz qilish;
  • giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, bu borada qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish choralarini ko‘rish;
  • giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini ekspert jihatdan baholash, bu borada yagona axborot almashuvi va idoralararo hamkorlikni tashkil etish;
  • giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasida xorijiy davlat tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan manzilli hamkorlikni o‘rnatish, mazkur sohada xalqaro faoliyatni tartibga soluvchi konvensiyalar doirasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan BMTga yillik ma’ruzalar tayyorlash;
  • giyohvandlikning oldini olish va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or milliy va xorijiy tajribalarni doimiy o‘rganish hamda uning natijalarini joriy etish va ommalashtirish bo‘yicha metodika, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish;
  • giyohvandlik vositalarini nazorat qilish samaradorligini oshirish yo‘nalishida milliy va xalqaro konferensiyalar hamda simpoziumlarni o‘tkazish choralarini ko‘rish, mas’ul davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv seminarlarni tashkil etish.

Milliy markaz, shunindek:

  • Davlat komissiyasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan milliy dasturlar ijrosini muntazam monitoring qilib, belgilangan chora-tadbirlar sifatli hamda o‘z vaqtida ijro etilishi bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnoma, taklif va tavsiyalar kiritadi;
  • giyohvandlik vositalarini nazorat qilish sohasida erishilgan natijalar va aniq ko‘rsatkichlar aks ettirilgan batafsil axborotni doimiy ravishda keng jamoatchilikka yetkazib boradi;
  • har chorakda milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha milliy dasturlar ijrosi hamda respublikadagi giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan umumlashtirilgan hisobotni Davlat komissiyasiga kiritadi;
  • har yilning yakunida milliy strategiyaning ijrosi hamda respublikada giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini aks ettiruvchi yillik milliy ma’ruzani tayyorlaydi va uni prezident huzurida muhokama qilish uchun kiritadi.

Milliy markaz direktori hamda uning o‘rinbosari maqomi, mehnatga haq to‘lash shartlari, ijtimoiy himoyasi va tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibi bo‘yicha tegishincha prezident maslahatchisi o‘rinbosari va Prezident administratsiyasi shu’ba mudiriga tenglashtiriladi.

Milliy markazning rahbarlar va xodimlariga nisbatan prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbarlari va xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari, ijtimoiy himoyasi va tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibi qo‘llanadi.

Milliy markazga beriladigan huquqlar

  • mahalliy va xorijiy olimlar hamda yuqori malakali, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni shartnoma asosida tadqiqotlar olib borish va dasturiy ta’minotni amalga oshirishga jalb qilish;
  • tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, jamg‘armalar, mahalliy va xorijiy tadqiqot markazlari va ta’lim muassasalari bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
  • noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot-tahliliy sharhlar, ma’ruzalar, ilmiy-tahliliy axborotnomalar va boshqa nashrlarni chop etish;
  • milliy markazga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida tegishli davlat organlari va tashkilotlardan zarur statistik, tahliliy va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish.

Markazni moliyalashtirish manbalari

  • har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida ajratiladigan O‘zbekiston Davlat budjeti mablag‘lari;
  • Prezident administratsiyasi faoliyatiga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan grant tanlovlari natijalari asosida ajratiladigan mablag‘lar;
  • xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant va maqsadli mablag‘lari;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Milliy markazning daromadlari soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

Prezident farmoni bilan bu yerda batafsil tanishishingiz mumkin.