Joriy yilning 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev hamda O‘zbekistonga e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasidagi vaziyat bilan tanishish va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida tashrif buyurgan AQSHning diniy erkinlik sohasidagi alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi S.Braunbek rahbarligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, e’tiqod erkinligi va diniy faoliyat uchun shart-sharoitlar yaratish borasida O‘zbekiston va AQSH tajribasi haqida fikr almashildi. Tomonlar O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida, ayniqsa e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida yutuqlarga erishilganini, shuningdek mamlakatimiz rahbariyatining bu yo‘nalishda islohotlarni davom ettirishga sodiqligini qayd etdi.

Suhbat chog‘ida ta’kidlanganidek, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga davlat tashrifi doirasida Vashingtonda din erkinligi masalalari bo‘yicha xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Diniy bag‘rikenglikni ta’minlash masalasida O‘zbekiston va AQSH tajribasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatining Toshkentda o‘tkazilishi — boshlangan ikki tomonlama muloqotning mantiqiy davomidir.

Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda bu sohada yuz berayotgan tub o‘zgarishlarga, shu jumladan e’tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarga yuqori baho berdi, shuningdek diniy erkinlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha AQSH tomoni bilan amaliy muloqot yo‘lga qo‘yilganligini qayd etdi.