Toshkentda yo‘l patrul xizmatining tajribaviy motoguruhi tuzildi, deb xabar berdi Toshkent shahar IIB sayti. U O‘zbekiston Prezidentining «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Ushbu guruhga yo‘llar va ko‘chalarning harakatlanish qiyin bo‘lgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Mototsiklning avtomobilga ko‘ra manyovr qilishi osonroq, gabaritlari ham ixchamroq bo‘lganligi uchun YPX xodimi mototsiklda kerakli joyga tezroq yetib kela oladi, deb aniqlik kiritdi shahar IIBda.

Bu ayniqsa tirbandliklar hosil bo‘lgan, yo‘l-transport hodisalari yoki serqatnov chorrahada svetofor ishlamayotgan paytda qo‘l keladi.

Motoguruhga «A» toifali haydovchilik guvohnomasiga va mototsikl haydash tajribasiga ega xodimlar tanlab olindi. Boshqarish malakasini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar maxsus avtodromlarda o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tugagach 16 avgust kunidan YPX xodimlari Honda rusumli va POLICE yozuvi bo‘lgan mototsikllarda shahar ko‘chalari bo‘ylab patrullik qilishni boshladi.

Agar tajriba o‘zini oqlasa, YPX motoguruh xodimlari doimiy tarzda Toshkent yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlaydi. Ayni tajriba Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham o‘tkazilmoqda.