«O‘zekspomarkaz»da «Qurilish — UzBuild-2014», «Mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interer va dizayn — MebelExpo Uzbekistan-2014» va «Isitish, ventilatsiya, sovutish tizimlari, suv ta’minoti, santexnika va basseynlar — Aqua-Therm Tashkent-2014» xalqaro ko‘rgazmalari ochildi. Ko‘rgazmalar 28-fevralgacha davom etadi.

«UzBuild-2014» va «Aqua-Therm Tashkent-2014» ko‘rgazmalarida O‘zbekiston, Avstriya, Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Polsha, Rossiya, Finlyandiya, Fransiya, Xitoy, Shveytsariya, Eron kabi 20 mamlakatdan 130 dan ortiq firma va kompaniya o‘z mahsulotlari hamda xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Ular qurilish materiallari, isitish tizimlari uchun moslamalar, xomashyo va butlovchi qismlar yetkazib berish, qo‘shimcha turdosh tovarlar savdosi bilan shug‘ullanadi.

Qurilish sanoatida erishilgan yutuq va natijalarni sarhisob etish, bu borada soha mutaxassislari bilan fikr va tajriba almashish, o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolashda mamlakatimizda o‘n beshinchi marta o‘tkazilayotgan «UzBuild» ko‘rgazmasi katta ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlar va taklif etilayotgan xizmatlar xilma-xilligi bilan avvalgilaridan ajralib turadi. Qurilish materiallari va uskunalari, isitish va ventilatsiya tizimlari, eshik-rom, lok-bo‘yoq, tom yopish materiallari, pol qoplamalari, sopol va pardozlash toshlari, beton bloklar, liftlar, butlovchi qismlar, elektronika va yoritish texnikasi singari eksponatlar ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar e’tiborini tortmoqda.

«Aqua-Therm Tashkent» ko‘rgazmasining asosiy maqsadi binolarni qurish va ulardan foydalanishda havoni sovutish, isitish hamda suv ta’minoti uchun tizimli yechimlar sohasidagi ehtiyojni ta’minlashdan iborat. Mazkur tadbirning o‘tkazilishi nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Sababi, mamlakatimiz iqlim sharoiti issiqlik ta’minoti, havoni sovutish va suv yetkazib berish bo‘yicha amaliy muhandislik yechimlari joriy etishni talab qiladi.

O‘n birinchi bor tashkil etilgan «MebelExpo Uzbekistan 2014» ko‘rgazmasi mebelsozlik va yog‘ochga ishlov berish sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Ko‘rgazmada uy va ofis mebellari, mebel furniturasi, ularni ishlab chiqarish va yog‘ochga ishlov berish uskunalari, interer va dizayn, me’morlik hamda loyihalashga oid mahsulotlar namoyish etilmoqda.
«MebelExpo Uzbekistan-2014» ko‘rgazmasida 13 mamlakatdan 70 firma va kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zkommunxizmat» agentligi bilan hamkorlikda «ITE Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning xorijiy sheriklari tomonidan tashkil etildi.