21-yanvar kuni BMT Xavfsizlik kengashida BMT Bosh kotibning maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo'yicha BMT Mintaqaviy markaz rahbari Miroslav Yenchning brifingi bo‘lib o‘tdi.

Brifing tugallangach, BMT Xavfsizlik Kengashi a'zolari notinchlikni keltirib chiqaruvchi masalalar, hususan transchegaraviy suv resurslarni boshqarish va afg‘on narkotiklarining tarqalishi oldini olish bilan bog'liq markazning tashabbuslarini maqtovga loyiq deb topdi deb xabar bermoqda BMT axborot markazi.

Xavfsizlik kengashi a'zolari mintaqa davlatlari o'rtasidagi muloqotni mustahkamlash va terrorizm tahdidlariga qarshi kurash bo'yicha Markaz harakatlarini qo'llab quvvatladilar.

Mintaqaviy markaz 2007 yilning dekabr oyida Turkmaniston poytaxti Ashxobodda ochilgan. Markaz Turkmaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston hukumatlariga xalqaro ko'makni jalb etish va muloqotlar yo'li bilan nizolarni bartaraf etish va mojarolarni tich yo'l bilan hal etish bo'yicha imkoniyatlarini oshirishda yordam ko'rsatadi.