1983-yildan beri ilk bor ikki jildli «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at» ning yangi nashri chiqdi. Bu haqda O'zA xabar berdi.

«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti O‘zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti bilan hamkorlikda ikki jildli «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at» ning yangi nashrini chiqardi. 324,05 nashriyot-hisob tabog‘idan iborat mazkur lug‘at O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyida 5000 nusxada chop etilib, sotuvga chiqarildi.

Ushbu ikki jildli «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at»dan 59 140 so‘z o‘rin olgan.

O‘zbekistonda shu kungacha turli hajmdagi, turli maqsad va yo‘nalishdagi ko‘plab ikki jildli lug‘atlar nashr etilgan. Bularning ichida 1983-1984 yillarda chiqqan ikki jildli «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at» o‘z davrida mukammalligi bilan kitobxonlar orasida e’tiborga sazovar bo‘lgan. Bu lug‘at mamlakatimizda rus tilini keng ko‘lamda o‘rganish ishiga, tarjimachilikka juda katta hissa qo‘shdi. Oradan 30 yildan ziyod vaqt o‘tib, yuqoridagi lug‘at noyob, topilishi qiyin nashrga aylangan edi.

Bundan tashqari mazkur lug‘at O‘zbekiston tarixidagi olamshumul voqea-mustaqilikka erishish bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy talablarga, shuningdek, favqulodda tezlik bilan taraqqiy etib borayotgan hayot ehtiyojlariga to‘la javob bermay qolgan edi. Fan-texnika, ishlab chiqarish, madaniyat va san’atga shunday o‘zgarishlar, yangiliklar sodir bo‘ldiki, bu hol o‘z navbatida dunyo xalqlari tillarining, jumladan o‘zbek va rus tillarining ham zamon yangiliklarini o‘zida aks ettirib, uzluksiz boyib, yangilanib borishiga olib keldi.

Lug‘atning ushbu nashrida sho‘ro davrida tuzum taqozosi bilan va sho‘ro mafkurasi nuqtai nazaridan bir tomonlama, noxolis izohlangan bir qancha so‘zlar, xususan, ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy, tarixiy, iqtisodiy terminlar eng so‘nggi manbalarga tayangan, ularga qiyoslangan holda qaytadan xolisona izohlandi.

Lug‘atni sho‘ro mafkurasini aks ettiruvchi so‘z va illyustrativ materiallardan «tozalash» zarurati munosabati bilan (zero, lug‘atni mafkurasizlantirish ushbu nashrning asosiy maqsadlaridan biri edi) lug‘atdan ko‘plab lug‘at maqolalari va ularga berilgan misollar chiqarildi, ularning o‘rniga so‘nggi yillarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda paydo bo‘lgan yangi tushunchalarni nomlovchi, rus tili lug‘atlaridan barqaror o‘rin olgan til birliklari kiritildi, shuningdek, mavjud so‘z va terminlar yangi ma’nolar bilan boyitildi hozirgi o‘zbek tilida aniq muqobili bo‘la turib o‘rinsiz qo‘llanib kelayotgan bir qator ruscha va baynalmilal so‘zlar mamlakatimizdagi hozirgi til siyosati talablari va til amaliyotidan kelib chiqqan holda o‘zbek tilida avvaldan mavjud bo‘lgan tegishli til birliklari bilan almashtirildi. Hozirgi imlo amaliyotidan kelib chiqqan holda ayrim so‘zlarning yozilishiga aniqliklar kiritildi.

Umuman, yangi nashrda quyidagicha miqdoriy o‘zgartishlar amalga oshirildi:
— avvalgi nashrdagi 8800 dan ortiq lug‘at maqolalari (ayrim eskirgan so‘zlar; millat, xalq, elatlarga mansub har ikkala jinsdagi shaxslar nomlari; erkak jinsini anglatuvchi shaxs nomlaridan hosil qilingan, ayol jinsidagi shaxslarni anglatadigan nomlar;
— tugallanmagan fe’l shakllarini ifodalovchi so‘zlar va b.) yangi lug‘atda alohida lug‘at maqola sifatida berilmadi, shuningdek, 1330 ta illyustrativ misol ham chiqarib tashlandi. Buning evaziga lug‘atga yangidan 3460 ta lug‘at maqolasi hamda 4000 dan ortiq illyustrativ misol kiritildi;
— mavjud so‘zlarning 1060 ta yangi ma’nosi qayd etildi, 1070 ta so‘z yangidan izohlandi, 7000 ga yaqin lug‘at maqolasi jid­­diy tahrir qilindi; shuningdek, illyustrativ misollar ham ancha ko‘paytirildi, avvalgi nashrdagi 92 516 ta o‘rniga yangi nashr­da 95 236 ta illyustrativ misol berildi.

Lug‘at keng kitobxonlar ommasiga va, avvalo, rus tilini o‘rganuvchilarga mo‘ljallangan. U tarjimonlar va nashriyotlarning muharrirlari, matbuot, radio va televideniye xodimlari uchun ham muhim qo‘llanma bo‘lib qoladi.