O’zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasining matbuot xizmati «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim qilmoqda.

Qonun loyhasi 2013-2020 yillarda O‘zbekistonda telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa infrastrukturasi va tarmog‘ini rivojlantirish dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining bir guruh mutaxassislaridan tashkil topgan Ishchi guruhi a’zolari bir qator mamlakatlarning elektron hukumatni joriy qilish bo‘yicha qonunchiligini, jumladan Janubiy Koreyaning «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonuni, shuningdek, Rossiya federatsiyasi, Belorussiya, Bolgariya, AQSh kabi mamlakatlarning bu yo‘nalishdagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarini yaqindan o‘rganib chiqishdi.

Mazkur Qonun loyihasini ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini yanada ta’minlash, fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi elektron hukumat tizimini joriy qilinishini ishlab chiqish va samaradorligini oshirishdan iborat.

Uforum.uz’da tashkil etilgan maxsus bo‘limda Qonun loyihasi bilan tanishib chiqish, unga nisbatan fuqarolar fikr-mulohazasini o‘rganish imkoni mavjud.

Fikr-mulohaza, takliflar, shuningdek f.ibragimov@ccitt.uz elektron manziliga ham yuborilishi mumkin.

Qo‘mita barcha qiziquvchilarni mazkur Qonun loyihasini tayyorlash va muhokama jarayonida faollikka chorlaydi.