12-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Qonun endi Oliy Majlis Senatiga yuboriladi, deb xabar beri Qonunchilik palatasining axborot xizmati.

Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ushbu hujjat ekologik nazorat samaradorligini oshirish, davlat muassasalari, fuqarolik institutlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, samarali ekologik nazoratni amalga oshirishda, atrof-muhitni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim davlat dasturlarini hal qilishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda boshqa jamoatchilik tashkilotlarining rolini mustahkamlashga qaratilgan.

Joriy yilning iyul oyida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinganidan keyin u keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi. Qonunchilik palatasi Kengashining qaroriga ko‘ra qonun loyihasi «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarida chop etildi.

Shuningdek, qonun loyihasi chet el ekspertlari hamjamiyatining (Yaponiya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Belgiya) vakillari ishtirokida ham muhokama etildi. Ularning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi eng muhim davlat dasturlarini hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari samarali ishtirok etishi uchun noyob imkoniyat yaratadi. Qonun loyihasining keng jamoatchilik muhokamasi chog‘ida bir necha ming takliflar, fikr-mulohazalar va sharhlar kelib tushdi. Shundan eng asoslilari hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda inobatga olindi.

Moddama-modda batafsil muhokamadan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mas’ul qo‘mitaga hujjatni tayyorlash va uni Oliy Majlis Senatiga yuborishni topshirib, qonunni qabul qildi.