XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun kelgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning London shahridagi Olimpiya shaharchasiga joylashdi.

Umumiy maydoni qariyb 40 gektarni egallagan Olimpiya shaharchasida 2818 bino qad rostlagan. Olimpiadaga kelgan 205 mamlakatning sport delegatsiyalari shu yerda yashaydi. Olimpiya shaharchasida tunu kun ishlaydigan ovqatlanish hududi, banklar, bankomatlar, kafelar, go‘zallik va salomatlik markazlari, zamonaviy trenajyor xonalari, ko‘ngilochar markazlar musobaqa ishtirokchilari xizmatida.

Olimpiya shaharchasining madaniy markaziga aylangan, rasmiy, madaniy, tantanali tadbirlar, ko‘rgazma va shoular o‘tkaziladigan maxsus hududda ishtirokchi mamlakatlar qatorida O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangrab, davlat bayrog‘i ko‘tarildi.

“Olimpiya o‘yinlari boshlanishi arafasida tashkil etilgan bunday hayajonli marosim barchamizni sport olamining eng nufuzli musobaqasida munosib ishtirok etib, Prezidentimiz va xalqimizning ishonchini oqlashga undaydi, bellashuvlarda g‘alabalarga ilhomlantiradi, — deydi boks bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev. — Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, tinchligi va buyuk kelajagi timsolidir. Biz, sportchilar uchun davlatimiz bayrog‘i kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba ramzidir. Shu bois muqaddas bayrog‘imizni doimo baland tutish uchun kurashamiz. Xalqaro maydondagi g‘alabalarimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangraganida qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi. Bularning barchasi mustaqillik tufayli ekanini qayta-qayta yurakdan his etamiz. Zero, bu galgi Olimpiada istiqlolimizning 21 yilligi arafasida o‘tmoqda”.

XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarida dunyoning eng sara sportchilari o‘ttizdan ortiq sport turi bo‘yicha 302 medallar jamlanmasi uchun kuch sinashadi. London Olimpiadasining murakkab saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 54 nafar hamyurtimiz sportning 17 turi — badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, trampolin, velosport, suzish, yengil atletika, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, taekvondo, erkin va yunon-rum kurashi, o‘q otish, qilichbozlik va tennis bo‘yicha bellashuvlarda jonajon Vatanimiz — O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Fotogalereya

Anvar Ilyosov (“Jahon” AA) suratlari. Suratlardan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi.