O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17-iyul kuni “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qaror el-yurtimiz uchun asrlar davomida ezgulik, saxovat, mehr-shafqat, qanoat va shukronalik ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lashga qaratilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining axborotiga ko‘ra, 2012-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 20-iyul kuniga to‘g‘ri keladi.

Prezident qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg‘un va hamohang tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini e’zozlash, mamlakatimizda muqaddas dinimizni tiklash, vijdon erkinligini ta’minlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish, ularning muqaddas qadamjolarini obod etish borasidagi keng ko‘lamli ishlarimizni targ‘ib etish, ushbu qutlug‘ oyda amalga oshirib kelinadigan xayriya tadbirlari, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha olib boriladigan ishlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.