Bungacha Suriya terma jamoasi o‘zining dastlabki uchrashuvini o‘tkazib bo‘lgan edi. 25-mart kuni Ummon olimpiya terma jamoasiga qarshi pley-offning dastlabki o‘yini Rui Garsiya Lopes shogirdlari, so‘nggi daqiqalarda Ahmad al-Douniy tomonidan kiritilgan gol evaziga 1:1 hisobidagi durang natijaga erishgan edi. Ushbu o‘yinda Suriya olimpiyachilarining asosiy hujumchilaridan biri Umar as-Suma maydondan chetlatilgan edi.

Ta’kidlash joiz, ushbu o‘yinga O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bir qator yo‘qotishlar bilan yetib keldi. Xususan, terma jamoa yetakchilaridan biri Fozil Musayev sariq kartochkalari soni ikkitaga yetgani munosabati bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Shuningdek, asosiy himoyachilardan biri Abduqahhor Hojiakbarovning BAAga qarshi o‘yinda olgan jarohati o‘zini bildirmasdan qolmadi.

Vakillarimiz uchun g‘oyat og‘ir kechgan bahsda hisob 14-daqiqada suriyaliklar tomonidan ochildi. Bu vaziyatda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi himoyachilari hamda darvozabon Akbar To‘rayev o‘rtasidagi tushunmovchilik, shuningdek, himoyachi Salim Mustafoyevning e’tiborsizligi qimmatga tushdi. Suriya olimpiya terma jamoasi darvozaboni Ibrohim Almaning to‘p uzatishidan so‘ng, himoyachilarimiz ta’qibidan qochib ketgan Yosir Shahin to‘pni o‘z joyini tashlab chiqqan Akbar To‘rayev ustidan tushirib qo‘ydi.

Ta’kidlash joiz, himoyachilar va darvozabon o‘rtasidagi tushunmovchilik bundan keyin ham bir qator vaziyatlarda ko‘zga tashlandi. Biroq so‘nggi lahzada vakillarimiz baribir suriyaliklardan ko‘ra chaqqonroq va ildamroq chiqdi.

Vakillarimiz faqat 73-daqiqaga kelib hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Himoyachi Sherzod A’zamovning yon qanotdan o‘yinga kiritib bergan to‘pini Temurxo‘ja Abduxoliqov boshi bilan jarima maydonchasi markaziga yetkazib berdi. Bu vaziyatda raqib himoyachilari qurshovida bo‘lishiga qaramay, Kenja To‘rayev bosh bilan zarba berib, hisobni tenglashtirish imkonini topa oldi.

Ikkinchi bo‘limning 41-daqiqasida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi himoyachilari qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishi natijasida, Akbar To‘rayev darvozasi oldida g‘oyat xavfli vaziyat yuzaga keldi. Biroq, raqibning dastlabki zarbasini Akbar To‘rayevning o‘zi qaytarishga muvaffaq bo‘lgan ersa, keyingi, bo‘sh qolgan darvoza tomon berilgan juda kuchli bo‘lgan zarba kuchiga yarasha noaniq chiqdi.

88-daqiqa vakillarimiz hisobda oldinga chiqib olishdi. Vladimir Kozakning maydon markazidan uzatgan to‘p qulay vaziyatga chiqib borgan Oleg Zoteyevga hech qanday to‘siqsiz yetib keldi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan yarimhimoyachi avvaliga raqib darvozabonini aldab o‘tdi, keyin esa himoyachini chalg‘itib, bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi. Qayd etish joiz, Abramovning ikkinchi bo‘limda amalga oshirgan barcha o‘zgarishlari o‘zini oqladi.

Ushbu hisob o‘yin oxirigacha o‘zgarmadi. G‘alaba O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini pley-off peshqadamiga aylantirdi. Pley-off bosqichidagi o‘tkazilishi shart bo‘lgan o‘yinlardan so‘nggisi 29-mart kuni Ummon hamda O‘zbekiston olimpiya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini bu uchrashuvda durang natija ham qanoatlantirsa, Ummon faqat va faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi. Shunday qilib, 31-mart kuniga belgilangan qo‘shimcha o‘yinga zarurat qolmadi.