Bank saytida xabar berilishicha, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallari hammabop jamoat joylarida joylashtiriladi.

“Kapitalbank” infokiosklari yordamida naqd pul va Uzkart plastik kartalari, keyinchalik esa – Visa kartalari orqali ham to‘lovlarni kiritish mumkin. Foydalanuvchilar o‘z plastik kartalari bilan turli operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin, jumladan, mablag‘ni yuklash, parolni almashtirish, kirim-chiqimni tekshirish, haqlarni to‘lash.

Ayni paytda Toshkent metropolitenida 60 ta infokiosk, Toshkent va Samarqanddagi kafe, restoran, o‘quv muassasalari, supermarket va boshqa jamoatchilik joylarida 80 ga yaqin infokiosklar o‘rnatilgan. Endi yirik tibbiy muassasalar, bozorlar, ko‘ngilochar va savdo markazlari, shuningdek, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Termiz, Nukus va Qo‘qon shaharlarini qamrab olish rejalashtirilgan.

O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallari joylashtiriladigan asosiy joylarga aeroportlar, vokzallar, avtostansiyalar, avia va temir yo‘l kassalari, soliq inspeksiyalari va boshqalar ham kiradi.

Bu ikki yilga mo‘ljallangan loyihaning birinchi bosqichidir. Uning doirasida jami 3000 ga yaqin infokiosklar o‘rnatish rejalashtirilgan. Rejalar O‘zbekistonning sakkizta shahridagi 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari va 70 dan ortiq o‘rta maxsus o‘quv yurtlarini qamrab oladi.