O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi mumtoz musiqa ishqibozlari uchun qator madaniy tadbirlarni tayyorlamoqda.

10-fevral kuni Davlat konservatoriyasi Katta zalida “O‘zbekiston yakkaxonlari” Davlat kamerali musiqa ansambli konserti qo‘yiladi, xabar berdi Madaniyat va sport ishlari vazirligining matbuot xizmati.

Konsert dasturida Bax, Gaydn, Vaksman va Fogler asarlari ijro etiladi. Yakkaxonlar orasida – xalqaro tanlov laureati Masha Axadjanova va Abiba Gaibova (fortepyano), Akmal Irmatov (violonchel) va Sardor Jumayev (skripka). Badiiy rahbar va dirijor – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Anvar Raimjonov.

Shu yerning o‘zida 14-fevral kuni “Romans romantikasi” nomli romans oqshomi bo‘lib o‘tadi. Unda Respublika Davlat xor kapellasi ishtirok etadi. Konsertda Raxmaninov, Glinka, Puare, Chaykovskiy, Glier va boshqa bastakorlarning mashhur asarlari ijro etiladi. Konsertda bosh dirijor va badiiy rahbar sifatida Dmitriy Jdanov ishtirok etadi.