Ushbu qonun 3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 6-dekabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan edi.

SHHTning Terrorizmga qarshi konvensiyasida suverenitetni himoya qilish to‘g‘risidagi normalar mustahkamlangan, terrorizmning oldini olish yuzasidan davlat ichkarisida ko‘riladigan chora-tadbirlarning taxminiy ro‘yxati keltirilgan, konvensiyaning qo‘llanilish sohasi belgilangan.

Hujjatda yurisdiksiya chegaralari aniqlab qo‘yilgan, huquqiy yordam ko‘rsatish asoslari va bunday yordam ko‘rsatish tartibi shakllantirilgan. Sudlanganlarni ushlab berish va topshirishning huquqiy tartiboti mustahkamlangan,

Shuningdek, konvensiyada SHHTga a’zo bir davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining tashkilotga a’zo boshqa bir davlat hududidagi tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarida ishtirok etishi masalalari aks etgan.

O‘zbekiston konvensiyaning yuridik va jismoniy shaxslar mulklarini jinoiy jazo chorasi sifatida musodara qilish mumkinligini ko‘zda tutuvchi qismi milliy qonunchilikka mos kelmaganligi sababli hujjatning ushbu qismini qabul qilmaslik sharti bilan ratifikatsiya qildi.

Mamlakatda konvensiyaning bajarilishiga mas’ul organlar sifatida Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi belgilandi.