2024-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 16-iyun — yakshanbaga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan 16-iyun Qurbon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi. Bu bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17-iyun — dushanba kuniga ko‘chiriladi, 18-iyun — seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi. Bunda haftasiga 5 kun ishlaydiganlar 4 kun — 15-iyundan 18-iyungacha dam oladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, mas’ul vazirlik va idoralarga muborak Qurbon hayitini xalqning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, fuqarolar uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish topshirildi.