O‘zbekiston hududi bo‘yicha bu galgi ish haftasi davomida havo asosan kam bulutli bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning ayrim tog‘li hududlarida kechga tomon mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Haftaning birinchi yarmida havo biroz issiq bo‘ladi, kunduz kunlari harorat +36…+39 daraja atrofida, cho‘l hududlarda va respublika janubida ba’zi joylarda +40…+41 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Bunday harorat iyun oyi iqlimiy me’yoridan 1−2 darajaga yuqoridir, deyiladi xabarda.

Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati kunduz kunlari +32…+35, janubda +36…+39 darajagacha biroz pasayishi kutilmoqda. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, shimolda va cho‘l hududlarda 15−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chag-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat 10−12-iyunda +35…+38, 13−14-iyunda +32…+35 daraja bo‘ladi.