“Chilonzortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mahalla gazchisi va yetakchi muhandisi pora olishda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, B.Yu. va X.S. “Karvonsaroy” mehmonxonasida foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirgan.

Biroq qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yubormaslik evaziga tadbirkordan 25 mln so‘m talab qilgani aytilmoqda. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.