30-may kuni Toshkentdagi Kinochilar uyida “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy-badiiy filmining maxsus premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva, vazirliklar va turli tashkilotlar mutasaddilari, kinoijodkorlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Film Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangto‘shning hayot yo‘li va faoliyati to‘g‘risida bo‘lib, unda asosan Yalangto‘shning mohir harbiy sarkardaligi hamda uning saroyida bo‘ladigan fitnalarga urg‘u berilgan.

Film rejissyori Jahongir Ahmedov taqdimotdan so‘ng “Gazeta.uz” muxbiriga intervyu berarkan, suratga olish ishlaridan avval jahon tajribasi juda yaxshi o‘rganilganini aytdi.

“So‘nggi muvaffaqiyatli tarixiy filmlarning deyarli barchasini ko‘rib chiqdik, ya’ni rejissyorlar qanday qilib o‘sha davrni va tarixiy qahramonni tomoshabinga singdira olayotganiga qiziqdik. Chet el tajribasini o‘rganishga bir yilga yaqin vaqt ketdi. Ssenariyni dunyo filmlari andazasidan kelib chiqib, shoshmasdan yozdik”, — dedi u.

баҳодир ялангтўш, jahonгир аҳмедов

“Bahodir Yalangto‘sh” filmi rejissyori Jahongir Ahmedov / Foto: Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi.

Uning ta’kidlashicha, kartina to‘laligicha “O‘zbekfilm” kinokonsernining yangilangan panoramali pavilonida suratga olingan. “S’yomka uchun tashqariga umuman chiqqanimiz yo‘q, barcha jarayon pavilon ichida: dekoratsiyalar, monitorlardan foydalanilgan holda bo‘lib o‘tdi. Bugungi premeraga yetib kelgunimizcha uch yilu ikki oy vaqt ketdi”, — dedi u.

Jahongir Ahmedov jurnalistning “Bahodir Yalangto‘sh” filmi uchun qancha mablag‘ sarflangani haqidagi savoliga javob berarkan, shunday dedi:

“Film budjeti 30 mlrd so‘mga yaqin. Nima uchun buncha mablag‘? Biz 30 mlrd so‘mning teng yarmiga “O‘zbekfilm” paviloniga hozirgi kunda Golivvud foydalanyotgan eng oxirgi texnologiyani olib keldik. Germaniyadan keltirilgan mazkur zamonaviy texnikalarni nemis mutaxassislarning o‘zlari o‘rnatib, ishlatib berishdi. Bu zamonaviy texnologiya — virtual olam, deyiladi, ya’ni filmning yaxshi chiqishida ushbu texnologiyaning o‘rni juda katta. 6 mlrd so‘mga yaqin pul kostyumlar va rekvizitlarga ishlatildi. Oldingi filmlardagi kostyumlarning birortasidan foydalanmadik. Barcha qahramonlar, hatto massovkalar uchun ham alohida kostyumlar tiktirdik. Texnikalar ham, kostyumlar ham “O‘zbekfilm”da qoldi. Keyingi filmlarda bemalol foydalanish mumkin”, — dedi film rejissyori.

Ma’lumot uchun, filmda Bahodir Yalangto‘sh rolini sportchi va aktyor Habibulla Nizomov ijro etgan. Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Behzod Muhammadkarimov, Boir Xolmirzayev, Tohir Saidov va boshqa ko‘plab o‘zbek aktyorlar hamda qozoq va qirg‘iz kinoijodkorlari ham suratga tushgan.

Milliy kinematografiyani rivojlantirish markaziga ko‘ra, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda suratga olingan “Bahodir Yalangto‘sh” filmi 6-iyundan boshlab O‘zbekistondagi o‘ndan ziyod kinoteatrlarda namoyish etiladi.