“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati (“O‘zmilliybank”) va Buyuk Britaniya yetakchi banklaridan biri Standard Chartered Bank va Germaniyaning Landesbank Baden-Württemberg (LBBW) o‘rtasida Jahon banki a’zosi bo‘lgan Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA), sug‘urta qoplamasi ostida 100 mln yevro miqdorida sindikatlashtirilgan kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kredit shartnomasi imzolandi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston prezidenti tomonidan joriy yilning 20-may kuni tijorat banklarining mamlakatda investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonidagi ishtiroki masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi.

“O‘zmilliybank” MIGA bilan shartnoma tuzgan O‘zbekistondagi birinchi moliya institutlardan biri bo‘lib, boshqa tijorat banklari uchun mamlakatning kichik va o‘rta biznesini (KO‘B) qo‘llab-quvvatlashda yangi imkoniyat yaratib berdi.

Jalb qilinayotgan kredit liniya quyidagilarga yo‘naltiriladi:

  • kapital xarajatlar va aylanma mablag‘larga muhtoj bo‘lgan KO‘Blarning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish (texnologiyalarni sotib olish va takomillashtirish);
  • qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish, muqobil energiya, sog‘liqni saqlash kabi iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida KO‘B loyihalarini moliyalashtirish;
  • eksportga yo‘naltirilgan KO‘B korxonalarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
  • yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish.

Loyihani tanlash jarayonidagi asosiy mezonlar:

  • qarz oluvchi — O‘zbekistonning qonunchiligiga muvofiq kichik va o‘rta biznesni subyekti bo‘lishi;
  • moliyalashtirish muddati — uch yilgacha;
  • moliyalashtirish miqdori — 1 mln yevrogacha;
  • barqaror rivojlanish va ekologik toza loyihalar bo‘lishi shart.

Kredit liniyasining asosiy afzalliklari biri qulay moliyalashtirish shartlari va mamlakat tarkibidan qat’i nazar xomashyo, tovarlar va xizmatlar importini o‘z ichiga olgan shartnomalarni moliyalashtirish imkoniyati mavjudligidir. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy kichik va o‘rta korxonalarga keng geografiyadan xorijiy eksportchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Mazkur kredit liniyasining o‘zlashtirilishi O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturining amalga oshirilishini rag‘batlantirish, xususan, eksport salohiyatini oshirish, mamlakatda tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yuksaltirish vazifalarini amalga oshirish, shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyatga egadir.


Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA) — rivojlanayotgan mamlakatlarga investitsiyalarni rag‘batlantiradigan xalqaro tashkilotdir. Shuningdek, Jahon banki guruhining a’zosi ham.

Standard Chartered Bank — Buyuk Britaniyaning yetakchi xalqaro bank guruhlaridan biri bo‘lib, keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi. Bank 170 yildan ortiq tarixga ega va 60 ta davlatda faoliyat yuritadi. Bank aktivlari 760 milliard dollardan ortiq, kapitali — 78 mlrd AQSh dollarni, foydasi — 775 mln dollarni tashkil qiladi.

LBBW (Landesbank Baden-Württemberg) — Germaniyaning janubi-g‘arbiy qismidagi yetakchi mintaqaviy banklaridan biri bo‘lib, faoliyati keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlardan iborat. Bank 1999-yilda tashkil etilgan va Germaniyadagi eng yirik banklardan biri hisoblanadi. Bank aktivlari 172 mlrd dollardan ortiq, kapitali — 10 milliard dollar, foydasi — 1 mlrd dollarni tashkil etadi.

Reklama huquqlari asosida.