Qariyb 80 mln rublni Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tkazmoqchi bo‘lgan namanganlik erkakka hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, Namangan shahrida yashovchi 34 yoshli fuqaro 2023-yilning dekabrida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Ola-buqa tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.

Uning boshqaruvidagi Lacetti to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida mashina salonida 3 dona polietilen qoplarga joylashtirilgan jami 79 mln 994 ming 900 Rossiya rubli borligi aniqlangan. Pullar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Erkak valyuta qimmatliklarini chegaradan o‘tkazib berishi evaziga ma’lum miqdorda xizmat haqi olishi kerak bo‘lgan va bunday noqonuniy harakatni muqaddam 4 marotaba amalga oshirgan, deyiladi xabarda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 25, 28, 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tezkor tadbir davomida undan ashyoviy dalil sifatida olingan pullar sud hukmiga muvofiq davlat egaligiga o‘tkazildi.