Buyuk Britaniyada umumiy (parlament) saylovlar 4-iyul kuni bo‘lib o‘tadi, dedi bosh vazir Rishi Sunak Londondagi Dauning stritdagi qarorgohiga kiraverishda.

“Bugun men oliy hazratlari (Charlz III) bilan parlamentni tarqatib yuborishni haqida gaplashdim. Qirol bu iltimosimni qondirdi. Umumiy saylovlar 4-iyul kuni bo‘lib o‘tadi”, — deya Sunakning bayonotidan iqtibos keltiradi BBC rus xizmati.

Sunak nutqida o‘z hukumatining “Buyuk Britaniyada bolalar uchun yaxshi kelajak yaratish”dagi “yutuqlari” bilan faxrlanishini aytdi. Shuningdek, u nutqida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishini global xavfsizlikka tahdid solayotganini eslatib o‘tdi.

“Iqtisodiy barqarorlik har qanday muvaffaqiyatning asosidir”, — deya qo‘shimcha qildi Sunak, Buyuk Britaniya iqtisodiyoti hamon o‘sib borayotganini va inflyatsiya normal darajaga qaytganini ta’kidladi. Bosh vazir og‘ir qarorlar qabul qilinishi kerak bo‘lganda halol bo‘lganini ta’kidladi.

Sunak Key Starmerning Mehnat partiyasini tanqid qilib, kelgusi bir necha hafta ichida har bir ovoz uchun kurashishini aytdi. “Men sizlarga mening rahbarligimdagi konservativ hukumat iqtisodiy barqarorligimizga xavf solmasligini isbotlayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘z navbatida, leyboristlar saylovga tayyor ekanini bildirdi. Starmer o‘z murojaatida bo‘lajak saylovning mohiyati “o‘zgarish imkoniyati” ekanini va uning “partiyasi Buyuk Britaniyani mehnatkashlar xizmatiga qaytarishni xohlashini” ta’kidladi.

Buyuk Britaniyada avvalgi umumiy (parlament) saylovlar 2019-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan edi. Qonunga ko‘ra, navbatdagi saylovlar mamlakatda 2025-yil 28-yanvardan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak. Bundan 25 kun oldin — 2024-yil 17-dekabrdan kechiktirmay, mamlakat hukumati amaldagi parlamentni tarqatib yuborishi kerak. Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak navbatdagi umumiy saylov 2024-yilning ikkinchi yarmida o‘tkazilishini aytgan edi.