Toshkent xalqaro aeroportida Europcar brendi ostidagi avtomobillarni ijaraga berish kompaniyasi 20-maydan ish boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

Maydoni 8 kvadrat metr bo‘lgan joy E-auksion.uz elektron platformasida savdoga qo‘yilgan edi. Xizmat Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalidan chiqishda joylashgan.

Avtomobilni ijaraga olish uchun poytaxt aeroportiga kelgan yo‘lovchi Europcar peshtaxtasiga borib, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi kerak. Shundan so‘ng, Europcar.com, Expedia.com, EconomyBookings.com onlayn platformalaridan biri orqali avtomobilni tanlashi, shartnoma tuzishi va depozit yoki ijara haqini to‘liq to‘lashi lozim. Ro‘yxatdan o‘tish tugallangandan so‘ng, yo‘lovchiga avtomobil kaliti beriladi va mashina oldiga kuzatib qo‘yiladi.

Kompaniya parkida yo‘lovchi mahalliy yoki xorijiy ishlab chiqaruvchi avtomobilini, shuningdek, elektromobil yoki benzinda yuradigan avtomobilni tanlashi mumkin. Qayd etilishicha, ishlab chiqarilgan yili to‘rt yildan, yurgan masofasi 80 ming kilometrdan oshmaydigan avtomobillar ijaraga beriladi. Avtomobil ushbu ko‘rsatkichlardan biriga yetgandan so‘ng, mashina tizimdan chiqariladi.

Europcar — 1949-yilda asos solingan, shtab-kvartirasi Parijda joylashgan avtomobil ijarasi kompaniyasi. Fransiyaning Eurazeo investitsion kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning parkida 150 ta mamlakatda 250 mingdan ortiq avtomobil va 3 mingga yaqin ijara punktlari mavjud.