23-aprel kuni O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining ilk arab tilidagi tarjimasiga oid taqdimot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, asar taniqli tarjimonlar Ayn-Shams va Luksor universiteti professori Muhammad al-Jibali tomonidan arab tiliga o‘girildi. Tarjimada asarning eski o‘zbek yozuvidagi ilk nusxasidan hamda rus va ingliz tillaridagi tarjimalaridan foydalanilgan. Kitob taqdimoti Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligini nishonlash doirasida o‘tkazildi.

Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev o‘z nutqida sobiq ittifoq davrida o‘zbek adiblarining ko‘plab asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingani, lekin “O‘tkan kunlar” romani rus tilidan boshqa biror tilga tarjima qilinmaganini ta’kidladi. Hatto asarning rus tilidagi tarjimasi ham senzuraga uchrab, qator o‘zgartirishlarga yuz tutgan.

Elchixona ko‘magida oradan 100 yil o‘tib ushbu roman arab dunyosi o‘quvchilariga ilk marotaba “O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” nomi ostida taqdim etilmoqda.

ўткан kunlar, абдulла қодирий

Chop etilgan kitob muqovasida Abdulla Qodiriy avlodlari tavsiyasiga ko‘ra, romanning 1925-yildagi ilk nashrining suratidan foydalanilgan. Kitob qattiq muqovada va sarg‘ish rangli silliq qog‘ozda chop etilgan. Mintaqadagi eng yirik “Dor ul-Maorif” nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan kitobni Misrdagi barcha yirik kutubxonalar va universitetlar, ta’lim va madaniyat muassasalari, davlat idoralari, Qohiradagi diplomatik korpus o‘rtasida tarqatish rejalashtirilgan. Boshqa arab davlatlarida ham mazkur roman tarjimasini qayta chop etish nazarda tutilmoqda.

Misrdagi elchixona ma’lumotiga ko‘ra, “O‘tkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilishda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik Said Mahmud Kosoniy, doktor Murtazo Saydumarov, shayx Husaynxon Yahyo Abdumajidov, Misr-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati raisi, professor Magdi Za’bal, tarjimon Feruza Galiyeva hamda o‘zbek tili bo‘yicha mutaxassislar Rahma Ibrahim, Habiba Mehmet Ali va boshqalar yordam bergan.

Asarni arab tilida mutolaa qilishni istaganlar Toshkentdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga yoki O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkin.

Kitob O‘zbekistondagi yirik kutubxonalar va universitetlarga ham taqdim etiladi, shuningdek, bepul onlayn platformalarga joylashtiriladi, deyiladi xabarda.