Namangan viloyati Yangi Namangan tumani Go‘zal mahallasidagi “Bo‘zchi mozor” arxeologiya yodgorligiga zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganishlar Madaniy meros agentligi bilan birgalikda olib borilgan. Shunday tadbirlarning birida arxeologiya yodgorligining 0,17 gektar maydonida fuqaro A.Q. tomonidan uy-joy qurish maqsadida XVI-XVII asrlarga oid qabrlar buzib yuborilgani ma’lum bo‘lgan. Oqibatda qadimiy obyektga juda ko‘p miqdorda — 6,9 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani oydinlashgan.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nissbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi, deyiladi xabarda.