Xitoy Apple’dan bir qator ilovalarni, jumladan WhatsApp, Telegram, Signal, Line va Threads messenjerlarini App Store’dan olib tashlashni talab qildi. Kompaniya ushbu talabni bajarishga rozi bo‘ldi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar qildi.

Xitoyning kibermakon ma’muriyati siyosiy mazmun, jumladan, XXR yetakchisiga nisbatan “shubhali” havolalar borligi sabab Apple’dan WhatsApp va Threads’ni onlayn do‘kondan olib tashlashni so‘radi, deb yozdi The Wall Street Journal manbaga tayanib. Apple vakilining aytishicha, sabab bu emas.

“Biz faoliyat yuritayotgan mamlakatlar qonunlariga, hatto ularga rozi bo‘lmasak ham, rioya qilishimiz kerak”, — dedi Apple vakili.

Bloomberg ta’kidlashicha, ilovalarning o‘chirilishi AQSh hukumati mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlash choralarini ko‘rayotgani fonida sodir bo‘lmoqda.

Bloomberg shuningdek, Pekin uzoq yillar davomida mamlakatda xorijiy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklab qo‘yganini, bu esa WeChat kabi mahalliy ilovalarning bozorda hukmronlik qilishiga yordam berganini ta’kidlaydi. Biroq, xitoylik foydalanuvchilar hali ham VPN orqali xorijiy ilovalardan foydalanishlari mumkin.

WhatsApp’ga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi vakili Bloomberg’ga Apple’ning izohlarini havola qildi. Telegram va Signal vakillari ilovalarning do‘kondan olib tashlanishiga izoh berishmadi.

2023-yil yozida Xitoy rasmiylari ishlab chiquvchilardan 2024-yil martigacha mobil ilovalarni tartibga soluvchi organda ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiluvchi farmonni e’lon qildi. Ro‘yxatdan o‘tmagan ilovalar do‘konlardan olib tashlanishi kerak. Farmon onlayn firibgarlikka qarshi kurashga qaratilgan edi, biroq ekspertlar bu ko‘pchilik ilovalarga ta’sir qilishini ta’kidladilar.

Mart oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi TikTok ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasidan ajratilmasa, mamlakatda undan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qullagan edi. Qonunchilarning aytishicha, Xitoy hukumati ByteDance’ni ilovaning amerikalik foydalanuvchilari ma’lumotlarini topshirishga majbur qilishi mumkinligi sabab TikTok milliy xavfsizlikka tahdid soladi.