Sirdaryo viloyatida noqonuniy tashkil qilingan mayning ferma 34,3 mlrd so‘mlik elektr energiyani talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Bu Davlat xavfsizlik xizmati (DXX), Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, viloyat IIB, “O‘zenergoinspeksiya” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ o‘tkazgan tezkor tadbirda ma’lum bo‘ldi.

Sirdaryo tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan MCHJ binosida xorijdan keltirilgan jami 107 dona “Innosilicon T3”, “Whatsminer M21S” va “Antminer S9 Bitmain” qurilmalari topilgan. Aniqlanishicha, undan foydalanib, kriptovalyuta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanilgan.

Mayning fermaning elektr hisoblagichi 2022-yilning aprelidan 2024-yilning martiga qadar ikkilamchi zanjirni vaqti-vaqti bilan uzib, haqiqatda oqib o‘tayotgan quvvatni yashirish orqali hisoblagich ko‘rsatkichini sun’iy kamaytirish yo‘li bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Oqibatda davlat manfaatlariga 34 mlrd 367 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

“Agarda MCHJ rahbarlari tomonidan talon-toroj qilingan 39,3 mln kVt elektr energiyasidan oqilona foydalanilganida, viloyatning Boyovut, Sardoba, Oqoltin va Guliston tumanlari aholisining bir oylik ehtiyojini qoplash mumkin edi”, — deyiladi DXX xabarida.

Hozirda MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.