Toshkent shahrida 14-aprel kuni duatlon chempionati o‘tkazilishi sabab ayrim yo‘llar yopiladi. Bu haqda shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

YHXBning ma’lum qilishicha, shu kuni duatlon bo‘yicha yoshlar, qizlar hamda havaskorlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati munosabati bilan velo hamda piyoda marafon o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar Maxtumquli-Yangi O‘zbekiston yo‘l o‘tkazgichidan Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston” bog‘igacha bo‘lgan masofani bosib o‘tadi, deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan Maxtumquli-Yangi O‘zbekiston yo‘l o‘tkazgichidan Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston” bog‘igacha bo‘lgan masofada transport vositalarining harakati soat 6:00 dan soat 14:00 gacha to‘liq cheklanadi.

YHXB haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya qilib, noqulayliklar uchun uzr so‘radi.